Latviya Respublikasi – Yevropaning shimoli-g‘arbi, Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan o‘ziga xos tabiatga ega davlat. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdan topilgan arxeologiya yodgorliklari Latviyada odamlar mezolit davridan yashaganligini ko‘rsatadi.
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Tohir O‘rozov 1998 yili Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tug‘ilgan. Hozirgi kunda Latviyaning Riga shahridagi EKA universiteti menejment fakultetida tahsil oladi.
— Tohir, nima uchun aynan Latviya?
— 8 yoshimdan dunyoga kalit hisoblanuvchi ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qildim. Ammo aynan Latviyada o‘qish variantim bo‘lmagan. Kollejning oxirgi bosqichida o‘qiyotgan paytlarimdan Yevropa davlatlarining ta’lim imkoniyatlarini o‘rgana boshladim. Ular orasidan oilam va yaqinlarim qo‘llab-quvvatlovi bilan Latviya davlatini tanladim. Bunga asosiy sabablardan biri mazkur mamlakatning talabalar uchun Yevropa qit’asida eng hamyonbop davlatlardan ekanligi va ta’lim tizimi dunyo standartlariga bemalol javob bera olishi bo‘ldi.
— Nahotki?
— Latviyada 60ga yaqin universitet va kollejlar bor. Ta’limi Balonya jarayoni — kredit-modul tizimiga asoslangan. Bakalavriat uchun 4 yilda umumiy 240 kredit yig‘ish lozim. Magistraturada esa 2 yilda 120 kredit to‘plash kerak. Tibbiyot bilim yurtlarida bu muddat odatdagidan farq qilishi mumkin.
Shuningdek, mamlakatning ikkita oliygohi QS World University Rankings reytingida dastlabki 1000talikka kirgan. E’tiborlisi, Latviyada olingan oliy ta’lim diplomi Yevropa Ittifoqi davlatlarida ham ishlash imkonini beradi.
Qolaversa, bu yerda talabalarda erkinlik yuqori darajada. Misol uchun darslarda qat’iy ishtirok etish talab etilmaydi. Lekin eng qiyini imtihonlar. Imtihonlardan o‘ta olmaslik o‘qishdan chetlashtirilishni anglatadi. Ochig‘i, ushbu tizim tufayli ham talabalar imkon qadar dars qoldirmaslikka intiladilar.
— Latviyadagi qanday xizmatlarni o‘zimizda joriy etish mumkin, deb o‘ylaysiz?
— Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bu yerda ham soatbay ish haqi to‘lash joriy qilingan. Shu bilan birga, ortiqcha qog‘ozbozliklar yo‘q. Axborot texnologiyalari yaxshi rivojlanmoqda. Buni bank tizimidagi qulayliklar misolida ham ko‘rish mumkin. Deylik, bankdan iste’mol kreditini olmoqchi bo‘lsangiz, internet orqali maxsus anketani to‘ldirishingiz kifoya. Ular so‘ralgan mablag‘ miqdorini ko‘p hollarda bir ish kunidayoq tushirib berishadi.
Latviyaga kelganimda bayramlarning, ayniqsa, bahor va yoz oylarida juda ko‘pligi hayratlantirgan. Bunday hollarda har ikki haftada bayram hamda deyarli barcha ish joylarida ta’til e’lon qilinadi.
Yana bir qulayliklardan biri mamlakatda internet narxining arzonligi va ko‘chalarda tekin Wi-Fi mavjudligidir. O‘ylashimcha, mana shunday xizmatlarni O‘zbekistonda ham joriy qilish har tomonlama foydali bo‘ladi.
— Latviyaliklarning o‘ziga xosliklari nimada? O‘zbekiston to‘g‘risida ular qanday taassavvurga ega?
— Latviyaliklar tabiatan kam gapiradigan xalq. Muloqotga birinchi o‘zingiz kirishmasangiz, ulardan tashabbus chiqishi qiyin. To‘g‘risini aytganda, kattalarga hurmat kichiklarga izzat ko‘rsatish kamdan kam uchraydi. Yana bir o‘zim uchun salbiy hisoblagan jihatlardan aksariyat balog‘atga yetgan latviyaliklar oilasidan alohida yashashligi bo‘ldi. Afsuski, bu yerda nikohsiz birgalikda yashash va farzandli bo‘lish odatiy holga aylangan.
Biroq latviyaliklar dangalchilikni yoqtiradi. Birovning ortidan g‘iybat qilish, kamchiliginizni muhokama qilib o‘tirmasdan yuzingizga aytishini ijobiy baholagan bo‘lardim.
O‘zbekiston haqida esa juda yaxshi taassurotga ega. Men muloqotda bo‘lgan latviyaliklarning ko‘pchiligi yurtimizga tashrif buyurishgan. Ayniqsa, xalqimizning mehmondo‘stligi, milliy taomlarimiz, shirin suhanligimiz ularni hayratda qoldirgan ekan.
— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?
— Kelajakda jahon darajasidagi brend kompaniyam bo‘lishini maqsad qilganman. Shu boisdan ham hozir menejment, ya’ni boshqaruvchilik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olyapman. Keyin, bakalavr diplomi bilangina cheklanib qolmayman, albatta. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha magistrlik darajasini Germaniyada olish rejam ham bor. So‘ng, bir muddat Yevropaning ilg‘or kompaniyalarida tajriba orttirib, vatanga qaytaman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Manba: xabar.uz