20-21 iyul kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti(IUT)ga 2017-2018 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. 1,4 ming nafarga yaqin abituriyent Toshkentdagi «O‘zko‘rgazmasavdo» AJ binosida imtihon topshirdi. Bu jarayon internet orqali bevosida videotranslyatsiya qilindi. Yana bir jihatga e’tibor bering: hozirning o‘zida 42 nafar abituriyent 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan IUT ning Tayyorlov kurslari yakuniy imtihonlari natijasiga ko‘ra Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalariga aylanishdi.
Ko‘rayapsizmi? Maqsad yiqitish, yerga toptash emas. Maqsad eng munosiblarni tanlab, saralab olish. Shuning uchun ham kirish imtihonidan oldinoq tayyorlov kurslarida ko‘zga tashlanib qolgan iqtidorli abituriyentlar talaba bo‘ldi. Ular eng munosiblarni tanlab olishayapti, ularga yanayam ko‘proq imkoniyat berilayapti, o‘ssin, unsin, bilimli bo‘lsin, malakali mutaxassis bo‘lib yetishsin, deyilayapti! Ana shunday xolislik va adolat bilan tanlab olingan talabalar bugun mo‘’jizalar yaratmoqda, kashfiyotlar qilib, kutilgan natijalarni namoyon etmoqda! Ana o‘shalar Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan EXPO 2017 xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekistonning sha’nini munosib himoya qilayapti. Yana kim bor, qaysi OTM, qaysi tadqiqot instituti vakili bor u yerda?! Axir O‘zbekistonda qariyb yuz yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan OTMlar borku!
Milliy OTMlardagi ahvoldan xabaringiz bormi? Adolatsizlik, birovning haqiga zulm qilish oliygohga hujjat topshirishdayoq boshlanayapti. Ijodiy imtihonlarda haqiqiy iqtidor egalariga eng past baholar qo‘yilmoqda. Endigina katta hayotga qadam qo‘yayotgan murg‘ak qalblar ko‘z o‘ngida adolatsizliklar ro‘y berayapti. Endi ularni O‘zbekistonda adolat, haqiqat bor, deb sira ishontira olmaysiz! Gapimga isbot-dalil so‘ramoqchi bo‘lganlarga ijodiy imtihonlar o‘tkazilayotgan OTMlarga borib eng yuqori ball olganlar bilan suhbat uyushtirib ko‘rishsinchi, bilishadi asl haqiqatni. Bu yilgi imtihonlar ham yuz foiz haqqoniy o‘tadi, degan gap-so‘zlarga uncha ishonmayman. Chunki xabarlarda kimlarningdir o‘qishga kiritib qo‘yaman, deb qo‘lga olinayotganlar yuzdan, mingdan bir holat. Haqiqiy nahanglar, yebto‘ymas akulalar erkinlikda, sochlari oppoq professorlar, rektorlar mavsumdan unumli foydalanish payida...
Shunday xayollar ichida savol tug‘iladi: nega boshqa OTMlarda ham Inhaniki kabi barcha jarayonlarni shaffoflashtirish, bitta ochiq joyda imtihon olib, uni onlayn videotranslyatsiya qilishga kirishilmayapti? Bunga texnik salohiyat yetmaydi, deb o‘ylaysizmi? Balki bu yil ham pul ishlab olaylik, keyingi yillarda qilarmiz, degan taklif bo‘ldimikan?
Manba: fayzbog.uz