Kimyo qiyin fanmi?


Men - kimyo o‘qituvchisiman. Odatda kasbimni eshitganlar bu fanning qiyinligi, maktabda yaxshi o‘qitilmagani (yoki o‘qimagani), hazillashib «ash ikki o»nigina bilishini aytib qolishadi. Ha, haqiqatdan ham kimyo qiyin fan. Agar maktabni bitirayotganlarning fanlarni bilish darajasi haqqoniy tekshirilsa, kimyo eng oxirgi o‘rinni egallashi aniq. Bunga nimalar sabab deb o‘ylaysiz?

Menimcha, hamma muammo kimyo faniga bo‘lgan munosabatda. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, kimyodan yaxshi bahoga o‘qiydigan, shu fandan repetitorga qatnaydiganlarning deyarli barchasi tibbiyot yo‘nalishida tahsil olib, kelajakda doktor yoki farmatsevt bo‘lishni maqsad qilgan bo‘ladi. Kimyo fakultetlariga esa aksariyat hollarda bir necha yillar tibbiyot oliygohlariga kira olmay, oxiri taqdirga tan bergan abituriyentlar hujjat topshiradi. Kelajakda kimyogar yoki kimyo fani o‘qituvchisi bo‘laman, deydiganlar kamchilikni tashkil etadi. Milliy universitet Kimyo fakultetida men bilan tahsil olganlarning aksariyati ana shunday «omadsiz» abituriyentlar yoki fakultet dekaniyu domlalarining farzandlari, tanish-bilish, qarindosh-urug‘laridan iborat edi.

Kimyo sohasiga «adashib» kirib qolgan mutaxassislarning ba’zilari esa kelgusida maktablarda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi va... qalbidagi fanga bo‘lgan mehrsizlik bolalarga – o‘quvchilarga ham ko‘cha boshlaydi. Agar o‘qituvchi haqiqatdan ham o‘z kasbini, o‘z fanini chin dildan sevganida, bolalarda kimyo menga nima uchun kerak, qiyindan-qiyin formulalarni qayerda ishlataman, degan noto‘g‘ri tushuncha va qarashlar bo‘lmas edi. Chunki kimyo bir vaqtning o‘zida foydali va qiziqarli ham. Kimyoni yaxshi bilish hayotda sog‘lom va uzoqroq yashashga xizmat qiladi.

Oddiy misol. Biz yuvish va yuvinish, kosmetika, dori vositalari, bo‘yoqlar, yelim, plastmassa buyumlari, hasharotlarga qarshi kurash vositalaridan deyarli har kuni foydalanamiz. Shulardan shampunni olaylik. Uning tarkibiga hech e’tibor berganmisiz?

Bu yerda siz nimani tushundingiz? To‘g‘ri, men bularni bilib nima qilaman, hammasi tekshiruvdan o‘tgan, sog‘liq uchun zararli bo‘lganida ulardan foydalanishga ruxsat berilmasdiku, deb aytishingiz mumkin. Lekin shunday moddalar ham borki, ularni tekshirganda zararsiz chiqishi mumkin, lekin ko‘p va tez-tez yoki uzoq muddat foydalansa, salbiy ta’sirlarini ko‘rsatishi mumkin. Allergiya (e’tibor qiling, shaharliklar orasida oxirgi vaqtlar allergik kasalliklar avj olmoqda), sezuvchanlikning oshishi, qarishga moyillik, asab tizimining qo‘zg‘alishi, yurak-qon tomir kasalliklari va hokazo.

Rasmga e’tibor qaratsak. Bu yerda birinchi Water turibdi. Bu - suv. Ikkinchi - Sodium Laureth Sulfate. Bu - kanserogen modda. Teri orqali kirib, tanada yig‘iladi va immun tizimi zaiflashgan vaqtda o‘z salbiy ta’sirini yuzaga chiqaradi. E’tiborlisi, aksariyat hollarda gigiyena vositalarining tarkibi tarjima qilinmasdan beriladi.

Yana bir misol. Simobli termometr sinib qoldi. Kimyoni yaxshi bilganlarga simobning +18 darajada parlanishi, gaz ko‘rinishida organizmga tushib, stomatit, dermatit, kamqonlik, bosh og‘rig‘i, ich qotishi, buyrak kasalliklari, oyoq va qo‘llarning qaltirashi kabi o‘nlab salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishini aytishning hojati yo‘q. Shuningdek, simob qoldiqlarini supurgi yoki changyutkich bilan tozalash aslo mumkin emasligini ham biladi. Xullas, bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Ular alohida mavzu.

Men e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan muammo, bu kimyo fanining boshlang‘ich (ilmiy darajada emas) tushunchalarini, turmushimizdagi o‘rnini bilmasligimizda. Oddiy gap bilan aytganda, maktablarda kimyo fani faqatgina nazariy ma’lumotlarni berishdan iborat bo‘lib qolgan. Akademik bilimlarning haddan ziyod ko‘pligi, DTS va o‘quv darsliklarining qiyinligi, o‘quv-laboratoriya vositalarining yetishmasligi o‘qitishda katta to‘siq bo‘lmoqda. Bizda «na oщup», ya’ni ushlab ko‘rib, his qilib o‘rganish tizimi joriy qilinmagan. Bolalarda kimyoviy tasavvur rivojlantirilmaydi. Hattoki, kimyo fani o‘qituvchilarining o‘zlari ham kimyoviy tajribalarni o‘tkazish malakasiga ega emas.

Garchi uzoq qishloq maktablarida ham kimyo laboratoriyalari tashkil etilgan bo‘lsa-da, u xonalarga kirish, moddalar bilan yaqindan tanishish, tajribalar o‘tkazish, bir so‘z bilan aytganda kimyoviy muhitga kirish TAQIQLANGAN. Laboratoriya eshiklari faqat komissiyalar kelgandagina ochiladi. Amaliyot kunlarida ma’ruza o‘tiladigan xonada laboratoriya ishlarini daftarga yozdirib, tajriba o‘tkazishda kerakli laboratoriya idishlari rasmini chizdirgan vaqtlarimiz ko‘p bo‘lgan.

Kimyo fani darsliklariga qaytsak. Bizning darsliklarda izchillik yo‘q. Bola tushunsin, degan g‘oya ilgari surilmagan, bilimlar hayotga yaqinlashtirilmagan. Universitetda o‘tiladigan ba’zi ma’lumotlar maktab darsliklarida ham mavjud. Oddiy misol. 2010 yilda chiqqan 8-sinf kimyo darsligida Yadro reaksiyalari mavzusida quyidagi rasm bor

Matnda esa ushbu rasmga atroflicha tushuncha berilmagan. Vaholanki, bu universitet o‘quv darsliklaridan o‘rin olgan mavzuga tegishli bo‘lib, o‘ta malakali, OTMda tahsil olgan o‘qituvchigina uning mazmunini bolalar tushunadigan tilda yetkazib bera oladi. Kollejlarda o‘qigan, asosiy kasbi biolog, fizik, matematik bo‘lgan o‘qituvchilarning esa bunday salohiyatga ega bo‘lishi dargumon.

Amaliyotchi sifatida quyidagi yechimlarni taklif qilaman.

1. Kimyoga oid boshlang‘ich qiziqishlarni bolaga kichik sinflardan berib borish kerak. Masalan, boshlang‘ich sinflarda Atrofimizdagi kimyo nomli to‘garak tashkil qilish mumkin. Bunday to‘garaklarda bolalar uchun qiziqarli va sodda kimyoviy tajribalarni o‘tkazsa, hayotiy misollar bilan o‘rtoqlashsa bo‘ladi. Masalan uy sharoitida tuz, shakar, limon kislotasidan kristall o‘stirish yoki uyda choy sodasi, limon kislotasi, shakar va suvdan shirin gazli suv tayyorlash kabi tajribalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun juda maroqli.

2. Kimyo darsliklarning tilini soddalashtirish kerak. Miqdor emas, sifatga e’tibor qaratish lozim. Darsliklarda matn va tasvirlar mutanosibligi ta’minlanishi, har bir darslikka undagi tajribalar aks ettirilgan videolar ilova qilinishi kerak.

3. Laboratoriya xonalaridan muzey sifatida foydalanishga chek qo‘yib, ulardagi noyob «eksponat»larni bolalar qo‘liga topshirish vaqti keldi. Ya’ni, laboratoriyalar haqiqiy tajriba maydonlariga aylanishi kerak.

4. Hozirgi kunda «Mental arifmetika» maktablari urf bo‘lmoqda. Xuddi shunga o‘xshash tabiiy fanlar, shu jumladan kimyo bo‘yicha ham Bolalar intellektual rivojlantirish markazlarini ochishni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash, grantlar, binolar va boshqa yordamlarni ajratish.

5. Bolalar va kattalar uchun sinov tariqasida kimyoviy tajribalar o‘tkazishga mo‘ljallangan elementar laboratoriya jihozlari, zararsiz kimyoviy reagentlarni o‘z ichiga olgan jamlanma-qo‘llanmalarni chiqarish va ular targ‘ibotini olib borish.

6. Edrian Dinglning «Qanday qilib 92 kimyoviy elementdan borliqni yaratish mumkin» (How to make universe from 92 ingredients) kabi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish.

7. O‘zbekistonda ta’lim telekanalini tashkil etish va unda kimyo uchun alohida dasturlarni efirga uzatish.

Zamira Yusupova