Bu yil vaqt qisqaligi uchun magistraturaga kirishda mutaxassislik fanlaridan imtihon DTMga o‘tkazilmadi, keyingi yildan bu imtihonni ham DTM o‘tkazadi, deb ma'lum qildi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov.
Bugun, 31 iyul kuni Xalqaro press klubning OTMlarga qabul mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov magistratura imtihonlarida yillar davomida adolatsizliklar bo‘lib kelgani va shu yilgi qabuldan buni bartaraf etish uchun rejalar amalga oshira boshlangani haqida to‘xtaldi.
Vazirning qayd etishicha, magistratura imtihonlari 3ta asosiy yo‘nalishda o‘tkaziladi: bakalavr diplomining o‘rtacha ballini inobatga olish, chet tili va mutaxassisliklardan imtihon.
Chet tili imtihonlarini o‘tkazishning Davlat test markaziga o‘tkazilishi orqali imtihonni shaffof bo‘lishiga erishilishi maqsad qilingan.
“Bu yil vaqt qisqaligi uchun mutaxassislik fanlaridan olinadigan imtihonni DTMga o‘tkazishga ulgurmadik. Kelasi yilgi qabuldan mutaxassislik fanlaridan imtihonlar ham DTMga o‘tkaziladi. Buni shu yil bakalavrda o‘qiyotganlar eshitib olishi kerak. Buning bilan inson omilini kamaytiramiz", dedi Abduqodir Toshqulov.
Shuningdek, keyingi o‘quv yilidan chet tili sertifikatiga ega bo‘lmagan abituriyent magistraturaga hujjat topshira olmaydi.
Tegishli qarorga ko‘ra, 2022/23 o‘quv yilidan boshlab, OTMlarning magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta'limdan keyingi ta'lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etiladi.
Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etiladi.