Sira yodimdan chiqmaydi. Universitetning 4-bosqichida o‘qib yurgan kezimiz taniqli publitsist, qalami o‘tkir ustozimiz haftaning har dushanba va seshanba kunlari darsga kirardi. Mazmunli darslarning birida ustoz “bugun nega aynan jurnalistika fakul’tetiga kirganingiz va shu sohani tanlaganingiz, kelgusi rejalar haqida ijodiy ish yozasiz, faqat haqiqatni yashirmay ro‘y-rost yozing", deb vazifa berdi.
Hamma ustozni hurmat qilgani uchunmi yoki erta-indin bitiraman, endi ortiqcha jimjimador fikrlarning keragi yo‘q, dedimi har tugul pafoslarga berilmay qog‘oz qoralashga kirishdi. Kelgusi dars ijodiy ishlarni o‘qib kelgan ustozning qaddi yanayam bukilgandek, ko‘zlari, nigohlariga g‘am oralagandek tuyuldi menga.
Boisi ijodiy ishlarning yarmidan oshig‘i televizorda falon jurnalistning chiroyli gapirishiga havas qilganim, maktabda tadbirlarda juda yaxshi she’rlar o‘qiganim, boshqa “balandroq" universitetga kira olmaganim, diplomli bo‘lish uchun kabi fikrlar bilan to‘lib toshgan, kelgusi rejalar haqida esa mavhumiy fikrlar bitilgan edi. To‘g‘ri, ishlar orasida bir-ikkita talabalarning tiniq fikrlari, kelgusidagi aniq hayotiy, kasbiy rejalari tushirilgan ijod namunalari ham bor, biroq erta-indin diplom olish arafasida turgan jurnalistlar uchun bu miqdor juda-juda kamchilikni tashkil etardi.
Jurnalistika biroz “pastroq" bo‘lgani uchun tanlaganlar
Ustozning matbuot muammolariga bag‘ishlangan darsida fan oldida turgan asosiy muammo nima, degan savoliga talabalardan birining “men matbuotning kelajagi yo‘q, deb o‘ylayman va gazetani yaqin kelajakda butunlay voz kechiladigan narsa, deb bilaman", degan gapidan qattiq jahli chiqqan edi. O‘kinch bilan “matbuot kelajagiga ishonmas ekansan, nega jurnalist bo‘lishga qaror qilding?! Demak, men senga ertaga kerak bo‘lmaydigan ilmni o‘rgatayotgan ekanman-da", deya aytgan so‘zlari yodimda. Bu zarbni hali hazm qilib ulgurmagan ustozga qarab yana bir talaba “men “yuridicheskiy"ga kirolmaganim uchun, jurnalistika biroz “pastroq" bo‘lgani uchun o‘qishga kirganman, kelajakda baribir jurnalist bo‘lmayman, ichki ishlar xodimi bo‘laman" degan gapidan so‘ng keksa ustozning qaddi yanada bukilib, yuzlarida chuqur iztirob izlari ko‘ringan edi. Axir, shu kabi fikrlaydigan talabalarga dars berishdan qiyinrog‘i, azobi bormi. Biri ertasiga ishonmagan kasbni tanlagan bo‘lsa, yana biri faqat diplom uchungina yuribdi, yana biri jurnalistikada o‘qish osonroq, deb o‘ylasa, ba’zi qizlar kelayotgan sovchilarning “o‘qigan qiz ekan" degan bahosi uchungina kelib-ketadi.
Ha, fakultetda ana shunday adashib kirib qolganlar, maqsadsizlik kasali bilan og‘rigan talabalar ko‘pchilik edi. Afsus...
Bugun-chi?
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘z gardaniga katta maqsadlar, keskin islohotlarni amalga oshirish vazifasini oldi. Ikkita fakultetda jami 8 yo‘nalishni o‘z ichiga olgan universitetning dastlabki og‘zaki tarzdagi ijodiy imtihoni tashkil etildi. Universitetga qariyb 700 ga yaqin abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, ularning 100 nafarigina talabalikka qabul qilinadi. Demak, ularni saralashda xatolikka, yanglish qadam tashlashga hech kimning haqqi yo‘q.
Sherzodxon QUDRATXO‘JAYEV, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori:
Bugun universitetimiz uchun tarixiy kun, boisi birinchi ijodiy imtihonlarni boshladik. Avvallari og‘zaki imtihon deyarli o‘tkazilmagan, uning afzallik tomoni – suhbat chog‘ida siz talabaning ko‘zidagi uchqun, kasbga bo‘lgan layoqatni ilg‘ashingiz mumkin. Biz bugungi ijodiy imtihonga abituriyentlar fikrini bilish, ijodiy potensialini aniqlash uchun professor-o‘qituvchilarni emas, balki tajribali amaliyotchilarni taklif etdik. Taniqli jurnalistlar, bosh muharrirlar, yurtimiz jurnalistikasi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan 35 ga yaqin amaliyotchilar abituriyentlar bilan suhbatlashmoqda. Og‘zaki imtihon uchun 0 dan 26 ballgacha bo‘lgan tizimda baholanadi. Bundan tashqari, abituriyentlar yozma ijodiy imtihonda 0 dan 37 gacha, jami maksimal 63 ball to‘plashi mumkin. Test bloklari orasidan asosiy e’tibor ona tili va adabiyoti va chet tiliga qaratildi hamda tarix fani bloklar orasidan chiqarildi. Tarixni bilish zarurligini inkor etmagan holda aytish mumkinki, jurnalist, avvalo, o‘z ona tili, adabiyoti va xorijiy tillarni yaxshi bilishi kerak. O‘qishga qabul qilingan yoshlar universitet eshigidan kirganidanoq ingliz tilida ham o‘zaro muloqot qilishi zarur. Maqsad yoshlarimizni hozirgi kunda zamon talabiga aylangan xorijiy tillarni bilishga undash.
...Og‘zaki imtihonni topshirgan yoshlarni zimdan kuzataman. Ularga ham oson emas, qarshisida o‘z tajriba maktabini yaratgan taniqli ustoz jurnalistlar turibdi, ular yonida hayajonga tushmay bo‘ladimi?!
Bu yigitcha sport jurnalisti bo‘lish istagida hujjat topshirgan edi, bugun undan og‘zaki imtihonni kechagina televiziorda jahon chempionati o‘yinlarini sharhlagan, o‘zi havas qilgan sevimli sharhlovchisi oldi, uni 10 daqiqa tingladi, u bilan bahslashdi.
Bosma OAV yo‘nalishiga kirishni maqsad qilgan qiz esa faqat kitoblari, publitsistik maqolalarini o‘qib g‘oyibona tanigan mashhur publitsist bilan ilk bor uchrashdi. Soha haqidagi fikrlarini baralla aytdi. Ustoz publitsistning kitoblarida keltirilgan fiklarini yetkazishga ham ulgurdi.
Yana kimlarningdir qiyofasida biroz qo‘rquv, tashvish ifodasi, kimlarningdir qo‘li ijod namunalari solingan fayllar bilan to‘lib-toshgan. Og‘zaki imtihondan chiqayotgan abituriyentlarning ba’zilari bilan suhbatlashdik.
Cho‘lponoy AHMЕDOVA:
Imtihon olayotgan ustozlar “jurnalistika sen uchun nima", deb so‘rashganida, men ikkilanmay “so‘z siyosati", deb javob berdim. “Ko‘z oldinga keltir – davlat, xalq va o‘rtada jurnalist, u qaysi biri manfaati uchun harakat qilishi, talabini bajarishi kerak", deb so‘rashganda esa “xalq manfaati har doim birinchi o‘rinda turishi lozim, jurnalist xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prikdir", dedim. Ular ko‘proq fikr, uning mazmuni bilan qiziqishayapti. Men bu yil yettinchi bor hujjat topshirishim. Ijodiy ishlarim “Oqdaryo ovozi", “Zarafshon", “Yoshlik", “Toshkent oqshomi", “Tong yulduzi" nashrlarida e’lon qilingan. Ko‘proq esse, ocherklar yozaman, hozir felyeton yozishni mashq qilayapman. Test sinovlariga ham tayyorlanganman, bu yil talaba bo‘lishdan umidvorman.
Sitora JO‘RABOYEVA:
Dastlab ustozlar salobatidan biroz hayajonlandim, suhbat juda samimiy bo‘ldi. Jurnalist kasbini murakkab kasblardan biri, deb bilaman. Men teleradio jurnalistika yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Yoshligimdan shu sohaga qiziqaman, maqola, she’r, hikoyalar yozaman. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatidagi “Oltin voha" radiosida bir necha dasturlar boshlovchisiman. Ko‘pchilik tengdoshlarim qatori talabalik baxti nasib etishiga umid qilaman.
O‘n daqiqalik qum soatlardagi so‘nggi qum zarralari tugaguncha abituriyent bilan suhbat qurib, uning sohaga bo‘lgan layoqatini kuzatish, ular orasidan qobiliyatlisini saralash oson vazifa emas. Ana shunday mas’uliyatli vazifani o‘z gardaniga olgan amaliyotchi ustozlarning og‘zaki imtihon borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Faxriddin KARIMOV, “Yoshlar ovozi" va “Molodyoj Uzbekistana" gazetalari bosh muharriri:
Yangi universitet ijodiy imtihonida bir qancha o‘ziga xosliklar bor. Bunda abituriyentning ruhiy-psixologik, tafakkur nuqtai nazaridan dunyoqarashi sinovdan o‘tkaziladi. Biz ijodiy imtihon deymiz, bu aslida siyosiy imtihon. Bugungi zamon talabidan kelib chiqsak, jurnalistika siyosiy sohaga aylanib bormoqda. Ijodiy imtihonda amaliyotchilarning ishtiroki, individual suhbat va shu vaqtning o‘zida baholanyotgani imtihon topshiruvchi uchun ahamiyatli. Abituriyentlar tafakkur darajasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, juda oddiy, elementar savollarga ham javob topa olmayotganlarini ham, o‘zining mustaqil fikri, pozitsiyasiga ega bo‘lganlari ham bor. Umumiy kuzatishlardan esa shu narsa ayon bo‘layaptiki, aksariyat yoshlar o‘ylash, orzu qilish bosqichidan qaror qilish, amaliy ishga kirishishga o‘ta olmayapti. Afsuski, bilimdan, mutolaadan anchayin uzoqlashgan yoshlarni ko‘p uchratdik, hamma ayb ularda emas, albatta. Imtihondan keyin ham ustozlarimiz o‘z so‘zlarini, fikrlarini maqolalar tarzida keng jamoatchilikka yetkazish tadorigini ko‘rishar. Chunki bugun biz amaliyotchilar ham o‘zimiz uchun kamchiliklar, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimizni yanada aniqroq bilib oldik. Biz uchun ham qaysidir ma’noda imtihon bugun.
Gulnora NISHONOVA, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:
Bugun biz axborot xizmatlari yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirgan abituriyentlar bilan suhbatlashayapmiz. Lekin berayotgan savollarimiz, asosan, axborot xizmatlari bo‘yicha emas, balki umumiy jurnalistikaga daxldor. Chunki axborot xizmatida jurnalist kadrlar ishlashi lozim. Abituriyentlar orasida katta sumka ko‘tarib, o‘zining ijodiy ishlari, faxriy yorliqlari, turli tavsiyanomalar bilan kelganlari ham bor. Biz ular orasidan jurnalistika sohasiga qobiliyatlilarini saralashga intilayapmiz. Abituriyentlar orasida shundaylari ham borki, hali amalda jurnalistika sohasida qalam tebrata boshlamagan bo‘lsa-da, lekin fikr doirasi, ilmi juda keng. Ulardan kelgusida yaxshi jurnalistlar chiqadi. Suhbat davomida ulardan jurnalist duch kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlardan qanday chiqib ketishi haqida so‘radik, bilasizmi, ular vaziyatdan to‘g‘ri chiqib ketish yo‘llarini ayta olayapti. Biz mana shunday yoshlarga, amaliy faoliyatni hali boshlab ulgurmagan bo‘lsa-da, yuqori baho qo‘ydik. Biz uchun fikr, jasorat, haqparvarlik birlamchi mezon.
Kun davomida og‘zaki ijodiy imtihonlarni kuzatib ko‘nglimiz ancha taskin topdi. Imtihon tashkil etilgan Toshkent shahridagi INHA universiteti binosidan chiqar ekanmiz yangi universitet faoliyatiga muvaffaqiyat tilay turib, ustozlar maqola avvalida keltirgan keksa ustoz ahvoliga tushmasligiga, “adashib kirganlar"ga dars berishga mahkum bo‘lmasligiga chin dildan umid qilamiz.
Manba: uza.uz