Jamila Shermuhammedova: «Faqat tepadan keladigan ko‘rsatmani ijro qilishga odatlanganmiz»


Taniqli olima, falsafa fanlari doktori, xalqaro toifadagi spiker Jamila Shermuhammedova «Xabar.uz» saytida chop etilgan maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.

«Xabar.uz» saytini muntazam kuzatib boraman. Undagi tezkorlik menga ma’qul keladi. Shuningdek, yaqinda «Tahlil» rukni ostida ta’limning sifati va samarasi nimaga bog‘liqligi haqida berilgan dolzarb maqola e’tiborimni tortdi. Xalqaro treninglar bo‘yicha mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, maqolada iqtidorli olim, jonkuyar pedagog Rahimboy Jumaniyozov bugungi kunning muhim muammosini ko‘tarib chiqqan.

Maqolani diqqat bilan va maroq bilan o‘qib chiqdim, unda bugungi kunning asosi va ratsional mag‘zi hisoblangan ta’limning ta’sirchanlik talabi, kuchi, sifati va samarasi bilan bog‘liq muammoga o‘rtaga tashlangan. Ta’limga oid bu takliflar va fikrlariga to‘liq qo‘shilaman. Men ham pedagogman, maktabdan tortib oliy o‘quv yurtlari ta’lim muassasalarigacha bo‘lgan auditoriyalarda dars berib kelaman.  Shuning uchun ham bir-ikki og‘iz fikrlarni munosabat yo‘sinida bildirib o‘tishni lozim topdim.

Aynan pedagogning yangi zamonaviy bilimlarni egallashi, kompyuter texnologiyalarini, bir necha tillarni o‘zlashtirishi bir tomon bo‘lsa, uni o‘quvchi ongiga singdirish mexanizmi alohida o‘rin tutadi. Bu maxsus mehnat va malakani talab etadi.

Bugungi kun o‘quvchisiga passiv metod bilan emas, balki interfaol metodlar bilan, qiziqarli va kengqamrovli bilim bermas ekansiz, u sizga ergashmaydi, darsingizga qiziqmaydi ham. Qiziqishni uyg‘otish — qiziqtira olish qobiliyatini taqozo etadi. Maqolada xuddi shu fikrga urg‘u qilingani ham bejiz emas.

Chunki 21 asrning o‘quvchi va talabasi, 20 asr yoshlaridan tubdan farq qiladi. Ana shu jarayonda, oratorlik qobiliyati, tashqi va ichki dunyosi ma’naviy boy bo‘lmasa, o‘z predmetini aniq va ravon yetkaza olmasa, yana eski toz, eski hammomdek bo‘lib, biz taraqqiyotning ildiziga bolta urib qolavergan bo‘lamiz. Holbuki, aynan voizlik mahoratiga ega bo‘lgan, notiqlik san’atidan xabardor o‘qituvchigina, bugungi o‘quvchi, talabaga, umuman tinglovchining ruhiyatiga ta’sir qila oladi. Demak, o‘qituvchi psixolingvistikaning mezonlarini chuqur egallagandagina ta’limning sifati va samarasi ta’minlanishi mumkin.

Eng muhimi, bu nozik, ammo eng asosiy muammolaridan bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga mukammal ta’sir qiladigan masala-ta’lim tizimini o‘zgartirish, zamonaviylashtirishga hissamizni qo‘shishdan iboratdir.

R. Jumaniyozov butun oliy ta’lim mussasalarining rektorlarini ushbu xayrli va ma’rifiy masalada hamkorlikka chorlagan. Xuddi shu borada nechtasi ro‘yxushlik berishi haqida aniq javob aytolmayman. Biz faqat tepadan keladigan ko‘rsatmani ijro qilishga odatlanganmiz. Tashabbuskorlik va tashkilotchilik bilan qiziqavermaymiz, yoxud jur’at qilolmaymiz. Och qornim tinch qulog‘im qabilida ish tutamiz. Vaqtni yo‘qotamiz.

Ta’limning ta’sirchanligini qanday usulda amalga oshirish zarurligi haqida bosh qotiradigan rektorlar barmoq bilan sanarlik desam xato bo‘lmasa kerak, deb o‘ylagandim. Maqola muallifidan so‘rasam, xuddi aytganimdek bo‘libdi. Faqat bittagina rahbar, aniqrog‘i, Toshkent Moliya institutining rektori o‘quv dasturi va mexanizmi bilan qiziqib o‘z ta’lim muassasasidagi professor o‘qituvchilarni ritorik mahorat bo‘yicha, kommunikativ kompetensiyasini oshirish bo‘yicha murojaat qilganini e’tirof etdi.

Rektorlar kollegiyasidagi muhokama va muloqotning tom ma’nosi ham, aslida, ta’lim tizimini jonlantirish, boshqacha aytganda, tiriltirish emasmidi?

Yangi velosiped ixtiro qilishga vaqt sarflamasdan, qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan, bir yoqadan bosh chiqarib, ta’lim tizimida pedagogning kommunikativ kompetensiyasini, nutqiy mahoratini oshirish ustida izlanish maqsadga muvofiq. Hattoki, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining ham muloqot madaniyati va notiqlik san’ati bo‘yicha malakasini, kasbiy mahoratini oshirish vaqti allaqachon yetib keldi deb o‘ylayman.

O‘ylaymizki, oliy ta’lim muassasalari rektorlari ta’limning sifati va samarasi, natijadorligi haqida jiddiy o‘ylab, tez orada amaliy ishlarga o‘tishadi. Chunki, davr shuni taqozo etmoqda.

Manba: xabar.uz