Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida maktablarda, ayniqsa ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim va tarbiya sifatini tubdan oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergandik.
Prezident matbuot kotibi xabar berishicha, davlatimiz rahbari ixtisoslashgan maktablar faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, bunday maktablarda:
- o‘quvchilar xalqaro ta’lim dasturlari asosida zamonaviy o‘quv darsliklari bilan ta’minlanadi;
- 9-sinfga kelib o‘quvchilar kamida 1 ta xorijiy til bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikat olishlari ta’minlanadi;
- yuqori sinf o‘quvchilarining bevosita korxonalarda amaliyot o‘tashi tizimi joriy qilinadi;
- maktablarga ixtisosligidan kelib chiqib Fanlar Akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliygohlarning kafedralari biriktiriladi.
«Umuman, ixtisoslashgan maktablar ta’lim, ilm va amaliyotni o‘ziga qamrab olgan yagona klaster doirasida faoliyat yuritishi kerak», — dedi Prezident.