Imtihonga qanday tayyorgarlik ko'rish kerak?


Mana, mamlakatimizdagi ilm ahlining "start" marrasi, bilimlar sinovi kuni - 1 avgust kuniga ham ozgina qoldi! 729947 ta abituriyent kechalari uxlamasdan qilgan mehnatlarining samarasini ko`rmoq uchun, hayajonda kutayaptilar! Ular o`qidilar, o`rgandilar, tajriba orttirdilar!

Lekin gap shundaki, faqat bilimning o`zi imtihonda yaxshi natija ko`rsatish uchun yetarli emas ekan! Imtihon vaqtidagi imtihon topshiruvchining jismoniy va ruhiy holati, uning kayfiyati kabi omillar ham imtihon natijasiga juda katta, aniqrog`i JUDAYAM KATTA ta'sir o`tkazishi mumkin! Shularni e'tiborga olib, abituriyentlar uchun imtihonga tayyorgarlik borasida bir qancha maslahatlar bermoqchi edik.

1. Imtihon topshirishdan bir kun oldin tayyorgarlikni to`xtating!

Ko`pincha abituriyentlar imtihonga bir kun qolganda tayyorlanish uchun unga berilgan butun bir (yoki bir necha) yilda o`qimagan mavzusini o`qib tamomlashga harakat qiladi. Bu katta xato. ENDI FOYDASI YO`Q! Siz tayyorgarlik jarayonida olgan bilimingizda bir kunda katta o`zgarish qila olmaysiz, agar mabodo tayyorgarlikda kamchiliklar bo`lgan bo`lsa - endi kech! Inson miyasi oxirgi o`zlashtirgan materialini bosh planga qo`yadi, natijada oldinroq o`zlashtirgan ma'lumotlarni eslashda muammolar yuzaga kelishi mumkin! Shuning uchun imtihonga bir kun qolganda miyani dam oldirib, "tinchlanishi"ga sharoit yarating. 31 iyul kuni televizor ko`rish, kitob o`qish, boshqotirma yechish kabi miyangizni charchatadigan mashg`ulotlardan umuman tiyilganingiz ma'qul (Ular sizning sevimli mashg`ulotingiz bo`lsa ham)

2. Asosiy e'tiborni imtihonda o`zingiz uchun qulay sharoit yaratishga qarating!

Hozir Markaziy Osiyoda havo juda qizigan davr. Tasavvur qiling, siz shu issiqda auditoriyada (konditsionersiz) 30 kishi (yoki undan ham ko`proq) bilan bir xonada 3 soat o`tirishingizga to`g`ri keladi! Bu sharoitga to`g`ri tayyorgarlik bilan bormagan odam har qanday bilim egasi bo`lmasin, biror yaxshi natija ko`rsatishiga ishonish qiyin! Imtihondan bir kun oldin erta uxlang, erta uyg`oning, sifatli nonushta qiling. (Keyingi ovqatni soat nechada yer ekansiz?) Bizning sharoitda ota-bobolarimiz chanqoqni bosishda eng yaxshi vosita sifatida issiq choyni tafsiya qilishadi.

3. Shpargalka, telefon, kalkulyator va hakozolardan umuman voz keching!

Nimagadir abituriyentlar "imtihonga shpargalka olib kirsam, hamma misolni ishlayman, telefon olib kirsam, bemalol o`tirib mutaxassisdan 100% kafolatli yordam olaman, kalkulyatorlarim misollarimni mening uchun ishlab tashlaydi" deganga o`xshash hayollarda yurishadi. Afsus, sizni xafa qilishga majburman - o`ylaganlaringiz xomxayol! Sabab:

  1. Imtihonga kirayotganda tekshiruvchilarning (ishonavering, ular o`z ishini yaxshi bilishadi) qattiq nazoratidan o`tasiz! Bu sharoitda telefon yoki shargalkangizni ularning payqamay qolish ehtimoli juda kam! Siz bu sharoitda imtihonga kirmasdanoq undan xaydalishingiz aniq!
  2. Tasavvur qiling, birinchi bosqichdan qandaydir yo`l bilan kirib oldingiz. Endi ichkaridan qo`lingizdagi vositalardan qanday foydalanmoqchisiz? Xona kuzatuvchilari va xonadagi boshqa raqiblaringiz sizning bu gi`rromligingizni sezib qolmaydi deb o`ylaysizmi? Siz shuncha odam yonida bamaylixotir telefonda gaplashaman yoki shpargalkadagi mikroskopik yozuvlar ichidan keragini topib olaman deb o`ylaysizmi!
  3. Xo`p, qandaydir mo`jiza ro`y berdi-yu, siz imtihonga olib kirgan vositangizdan foydalanishga imkon topdingiz deylik! Endi olib kirgan shpargalkangiz qanchalik ishonchli? Yoki siz telefon qilib savol so`ragan odam qanchalik kuchli? Biror fandan har qanday kuchli bilim egasi o`ziga bo`g`inlab, shivirlab o`qilgan topshiriqni tushinishi qanchalik qiyinligini tasavvur qila olasizmi? Qaytangga o`zingiz ishlay oladigan savolni ham ishlashga to`sqinlik qiladi u vositalar!

Yuqorida aytganimdek, o`z bilimingizdan boshqa narsaga ishonishingiz sizni aniq muvaffaqqiyatsizlikka duchor qiladi! Bizga ishonavering!

4. Vaqtni nazorat qiling!

Imtihonda siz savolar varog`idagi 108 ta topshiriqning hammasini ishlay oladigan bilimga ega bo`lishingiz mumkin, lekin ehtiyot bo`ling, xavfli raqib - VAQT! Imtihonda abituriyentning o`z imkoniyatidan past ball olishiga sababchi bo`ladigan eng katta omillardan biri - vaqtni to`g`ri taqsimlay olmagani sabab bo`ladi! Unutmang, savollar varag`idagi topshiriqlarni bir boshdan, qoldirmay ishlash shart emas, avval o`zingizga qulay savollarni ishlab, keyinchalik qiyinroq, ko`proq vaqt oladigan savollarga qaytganingiz siz uchun foydaliroq!

Hozircha, maslahatlarimizning eng muhimlari shu! HAMMANGIZGA OMAD YOR BO`LSIN, BILIMINGIZGA YARASHA NATIJA KO`RSATISH HAMMAMIZGA NASIB ETSIN!