Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida davom etayotgan qabul jarayonida ko‘pchilikni shubhalantirgan savollar paydo bo‘ldi. Masalan, «Test topshirilmay, yakuniy natija chiqdi», «Qanday qilib, 3ta savol bilan hammasini hal qilish mumkin». Kun.uz muxbiri voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Akademiya Qabul komissiya hay`ati a`zolari bilan suhbatlashdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ta`kidlanganidek, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Akademiya kunduzgi ta`lim shakliga qabul maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshirilmoqda», —deydi Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik O‘tkirbek Muhammedov.
Uning aytishicha, bu yilgi qabul jarayoni uch bosqichli tanlov asosida o‘tkazilmoqda.
«Birinchi bosqich bu - dastlabki tanlov. Bu joylarda hujjatlar, nomzodni o‘rganish, mahallalarga biriktirish, lo‘nda qilib aytganda, haqiqatan u loyiqmi, degan masalalar ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi bosqich esa maxsus kasbiy tanlov sinovlari hisoblanadi. Uning o‘zida beshta tadbir mavjud: tibbiy ko‘rik, psixo-fiziologik o‘rganish, yozma ish, jismoniy tayyorgarlik va chet tilidan imtihon. Beshinchi mezonga ko‘ra, ya`ni chet tilidan (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilim va ko‘nikmalari test sinovlari asosida, boshqa xorijiy til bo‘yicha sinovlar esa maxsus metodika bo‘yicha amalga oshirildi.
Albatta tibbiy ko‘rikdan o‘tgan nomzod keyingi to‘rtta bosqichda ballarni to‘playdi. Shunday qilib, maksimal ballarning 50 foizi va undan yuqori natijani qo‘lga kiritgan nomzodlar uchinchi bosqichga qo‘yiladi.
Uchinchi bosqich - yakuniy suhbat. Unda huquq, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot va Milliy g‘oya asoslari fanlaridan bittadan savol beriladi», — deydi Qabul komissiya mas`ul kotibi, mayor Mirislom Haydarov.
Mas`ul kotibga ko‘ra, hech qaysi hujjatda suhbatlar videoga yozib olinsin, deyilmagan.
«Shunga qaramay, o‘z istagimiz bilan barcha suhbatlarni to‘liq yozib olganmiz. Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, natijalardan norozi bo‘lgan abituriyentning murojaati aynan video yozuvlar bilan o‘rganiladi», — deydi u.
IIV Akademiyasi saf qismi ofitserlari, o‘qituvchilari orasida Akademiyada o‘qish istagida yurgan abituriyentlarga repetitorlik qilgan shaxslar yo‘q. Buni IIV Akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik O‘tkirbek Muhammedov ham tasdiqladi.
«Bizning o‘qituvchilar kechki soat 6-7gacha ishda bo‘ladi. Ayniqsa saf qismidagi xodimlar uyga kechroq qaytadi. Bularning ichida abituriyentlarga bevosita yordam berib yurgani yo‘q.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida viloyatlardagi kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, kvotalar saqlanib qolgan. Masalan, Andijon uchun 40ta o‘rin, biroq Surxondaryoga 35ta bo‘lishi mumkin. Qizlar o‘rtasida esa bunday kvota yo‘q. Shunga bo‘lsa kerak, tanlov qizlar o‘rtasida juda yuqori bo‘lmoqda.
Bu yilning o‘zida 1880 nafar qiz o‘qish istagida bo‘lgandi. Ulardan taxminan 600 nafari yakuniy suhbatga yetib keldi. Ammo, o‘qish uchun ajratilgan o‘rin 30tani tashkil etadi. Jami qabul kvotasi esa 600 kishi uchun mo‘ljallangan», — deb qo‘shimcha qildi boshliqning birinchi o‘rinbosari.
Ma`lum qilinishicha, nomzodlar yakuniy suhbatga qo‘yilishidan avval maxsus raqam bilan xonaga kirgan va suhbatda ishtirok etgan o‘qituvchilar nomzodning ism-sharifini bilmaydi.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan nomzodning ta`kidlashicha, shaffoflik deyarli yo‘qolib bormoqda.
«Men o‘zimning xato va kamchiliklarimni angladim, ammo yuqori ball to‘plagan nomzodlardan shubhadaman. Barchasi xolis bo‘lishi uchun ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar e`lon qilinsin», — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Davlat qabul komissiyasi hali IIV Akademiyasi bo‘yicha mandat natijalarini rasman e`lon qilmadi. Bor-yo‘g‘i, hozircha yakuniy suhbat ballari ko‘rsatilgan.
Kattaqo‘rg‘onlik sobiq IIB xodimi San`at Umarov bilan yuz bergan voqea takrorlanmasligi uchun, qabul komissiya hay`ati a`zolari professional ishladi, deb umid qilamiz. Yoki barchasi kelgusi 5 yilda ma`lum bo‘ladi.
Manba: kun.uz