2023 yilgi kirish imtihonlari uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 1 mln 18 mingni tashkil qildi. Bu prognoz qilingan 1,2 mlndan biroz kamroq bo‘ldi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi statistikasiga ko‘ra, 2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 1 018 007 nafarni tashkil etdi.
Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi kunduzgi ta’lim shaklini tanlagan bo‘lsa, katta qismi sirtqi ta’lim shaklini tanlagan.
- Kunduzgi ta’lim shakli — 577 096 nafar;
- Kechki ta’lim shakli — 24 802 nafar;
- Sirtqi ta’lim shakli — 407 945 nafar;
- Masofaviy ta’lim shakli — 8 164 nafar.
Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan OTMlar (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):
- O‘zbekiston milliy universiteti — 36 782 nafar;
- Toshkent davlat transport universiteti — 30 421 nafar;
- Farg‘ona davlat universiteti — 29 941 nafar;
- Toshkent davlat pedagogika universiteti — 28 827 nafar;
- Qarshi davlat universiteti — 28 417 nafar.
Doimiy yashash hududi bo‘yicha esa eng ko‘p hujjat topshirganlar Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari abituriyentlari bo‘ldi.
Hujjatlar qabuli tugagan bo‘lsa-da, abituriyentlarga to‘lov qilish uchun yana bir kun berildi. Abituriyentlarda 21 iyul soat 23:59 gacha to‘lov qilish imkoni bor.