HARBIY XIZMATCHI OLIY O‘QUV YURTIGA KIRISH UCHUN TAVSIYANOMANI QANDAY OLADI


Tavsiyanomalar Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi. 

Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar quyidagilarga:

  • respublikaning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50%i miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;
  • oliy taʼlim muassasalari (oliy harbiy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.   

Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab 3 yil mobaynida amal qiladi.

Tavsiyanomalar quyidagi parametrlar bo‘yicha hisoblangan ballarni hisobga olgan holda beriladi:

  • jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik ko‘rsatkichlari;
  • namunali harbiy intizom ko‘rsatkichlari;
  • test sinovlaridan o‘tish.

Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik bo‘yicha ballarni hisoblash uchun o‘quv fanlaridan qo‘yilgan baholarning yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi asos bo‘ladi. Baholarining yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi 4,0 dan yuqori bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarga ball beriladi. Bunda baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichiga qarab quyidagi tartibda ball hisoblanadi:

  • 4,0 dan 4,3 gacha - 10 ball;
  • 4,4 dan 4,7 gacha - 15 ball;
  • 4,8 dan 5,0 gacha - 20 ball.

Harbiy xizmatchi namunali harbiy intizom uchun rag‘batlantirilganda, unga qo‘shimcha 10 ball qo‘yiladi. Bir nechta marta rag‘batlantirishlar mavjud bo‘lganda ham 10 balldan ortiq ball qo‘yilmaydi. Barcha rag‘batlantirilishlar harbiy qism komandirlarining buyruqlari bilan eʼlon qilinadi. Barcha hisoblangan ballar Reyting natijalarining yig‘ma jadvaliga kiritiladi.

Harbiy xizmatchining jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik dasturlarini o‘zlashtirishini yakuniy baholash, shuningdek ularning bilim darajasini tekshirish uchun quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha test sinovlarini (jami 100 ta savol) o‘tkaziladi:

  • jangovar tayyorgarlik (40 ta savoldan – har bir to‘g‘ri javob uchun 1,2 ball);
  • maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik (20 ta savoldan – har bir to‘g‘ri javob uchun 1,1 ball);
  • matematika (10 ta savoldan – har bir to‘g‘ri javob uchun 1,0 ball);
  • fizika (10 ta savoldan – har bir to‘g‘ri javob uchun 1,0 ball);
  • mantiqiy savollar (20 ta savoldan – har bir to‘g‘ri javob uchun 1,0 ball).

Barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Yakuniy jadval tuziladi, unda harbiy xizmatchilar to‘plangan ballarning pasayib borish tartibidagi ketma-ketlikda joylashtiriladi.

Tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni qabul qilish maqsadida guruh (bo‘linma), batalyon, vzvod komandirlari, harbiy qism komandiri va uning o‘rinbosarlari, shuningdek muddatli harbiy xizmatchilar ishtirokida yakuniy yig‘ilish o‘tkaziladi, unda har bir harbiy xizmatchining barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘plagan ballari jamlanadi hamda eʼlon qilinadi.

Beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40%idan oshmasligi kerak. Bir nechta harbiy xizmatchilar teng miqdorda ball to‘plaganda istisno qilinadi. Mazkur holatda cheklov doirasiga kirishi lozim bo‘lgan oxirgi muddatli harbiy xizmatchi bilan teng miqdorda ball to‘plagan harbiy xizmatchilarning barchasiga tavsiyanoma beriladi.

Xizmat mobaynida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar test sinovlarining natijalaridan qatʼi nazar, tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.

Qo‘pol intizomiy xatti-harakatlar sodir etgan muddatli harbiy xizmatchilarga, agar ular bo‘yicha xizmat surishtiruvlari o‘tkazilgan va harbiy qism komandirlarining tegishli buyruqlari mavjud bo‘lsa, to‘plagan yakuniy ballari miqdoridan qatʼi nazar, tavsiyanoma berilmaydi.