Harbiy-texnik institutga kirishning dastlabki tanlash tartibi belgilandi


O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga o‘qishga kiruvchi nomzodlarning dastlabki tanlash tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Nizomga muvofiq, Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutiga o‘qishga kirishni xohlagan fuqarolar o‘zlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa o‘z xizmat o‘tash joyiga tegishli ravishda bildirgi bilan murojaat qiladi.

«Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari va Milliy gvardiya Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi bitiruvchilari orasidan Institutga o‘qishga kirish uchun nomzodlarning shaxsiy yig‘ma jildlari ular joylashgan hududdagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlari tomonidan rasmiylashtiriladi.

O‘qishga kirish uchun arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1-fevralidan 1-apreliga qadar qabul qilinadi.

Institutga o‘qishga kirishni xohlagan nomzodlar tomonidan mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • ariza (bildirgi);
  • pasport nusxasi;
  • tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
  • chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;
  • tarjimai hol (qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan);
  • nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar anketasi;
  • o‘qish, ish, xizmat o‘tash joyidan tavsifnoma (agar o‘qiyotgan, ishlayotgan, xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa);
  • ota-onasining ish joyidan ma’lumotnoma (agar ishlayotgan bo‘lsa);
  • ma’lumoti to‘g‘risidagi (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar) hujjatlar hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi;
  • oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida asli ko‘rsatiladi);
  • yaqin qarindoshlar orasida vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘limi haqida guvohnomaning nusxasi;
  • 3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta rangli fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm o‘lchamdagi 4 ta rangli fotosurat (bosh kiyimsiz);
  • nomzodning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organidan sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar mazkur ma’lumotnomani taqdim qilishi talab etilmaydi).

Institutga o‘qishga kirishni xohlagan harbiy xizmatchilar tomonidan o‘z xizmat o‘tash joyiga qo‘shimcha ravishda Institutga o‘qishga kirishga tavsiya etuvchi hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga — harbiy bo‘linmaning umumiy yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirma, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga esa — harbiy qismning attestatsiya komissiyasi yig‘ilish bayonnomasidan ko‘chirma) taqdim etiladi.

Dastlabki tanlash tadbirlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich qabul yilining 1 fevralidan 31 martiga qadar amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

  • hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
  • yakka tartibdagi suhbat;
  • birlamchi tibbiy ko‘rik.

Ikkinchi bosqich qabul yilining 1-aprelidan 31-mayiga qadar amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

  • individual-psixologik o‘rganish;
  • umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
  • takroriy tibbiy ko‘rik.
  • dastlabki tanlash tadbirlarida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.

Nomzodlarning hujjatlarini to‘plash va o‘rganish ishlari dastlabki tanlash tadbirlarining birinchi bosqichi yakunlangunga qadar (31-martga qadar) amalga oshiriladi.

Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Institutda o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan, shuningdek psixologik test sinovi natijalari bo‘yicha dastlabki tanlashning keyingi tadbirida ishtirok etishga tavsiya etilmagan nomzodlar keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Manba: xabar.uz