Faqat sandiqda chang bosib yotadigan diplomlar uchun - 18 yillik umr?


Bir narsa meni doim o‘ylantiradi, kezi kelsa xavotirga soladi. 

Mana, qarang, bizdagi ta’lim tizimi davomiyligini bir hisoblab ko‘ring:

9 yil – maktab;

3 yil – kollej/litsey;

4 yil – institut;

2 yil – magistratura.

Jami - 18 yil, qoyilmisiz?

Lekin 18 yil ta’lim olib, o‘z ismini to‘g‘ri yoza olmaydiganlar borligini qanday tushunsa bo‘ladi-a?!

18 yil turli dargohlarda, turli bosqichlarda, turli ustozlardan ta’lim olib, o‘zining tayinli shaxsiy fikriga ega emas, dunyoqarashi xuddi 1-sinf o‘quvchisinikiday tor, mantiqdan 80 km uzoq yoshlarning borligini qanday izohlash mumkin?!

Qanaqasiga 7 yoshdan to 25 yoshgacha o‘qitamizu, lekin ular hech vaqoni bilmasligi mumkin?!

Ahvol bu darajada bo‘lishi uchun ta’lim tizimi qanchalar chirkin va rasvo bo‘lishi kerak, hayronman.

Ba’zan yuqoridagilarni o‘ylab shunchaki qo‘rqib ketaman. Shuncha yil xalqning milliardlab puli ko‘kka sovurilganmi shunda? Lekin faqat birgina xulosa menga sal taskin beradi: agar shu pullar sarflanmaganda, ahvol bundan ham besh battar bo‘lar edi.

18 yillik umrchi, umr? Faqat sandiqda chang bosib yotadigan diplomlar uchun o‘tib ketganmi shuncha yillar?

Bo‘lar ish bo‘ldi, vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Asosiysi bundan keyin xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ta’limga bor kuch-quvvatimizni tashlashimiz kerak. Bunda faqat hukumatni nazarda tutmayapman, ota-onalar ham farzandlarining ta’limiga birinchi navbatda hammadan ko‘proq qayg‘urishimiz kerak. «Men farzandimning tarbiyasiga mas’ul, sizlar ta’limiga», deb beparvo bo‘ladigan zamonlar ortda qolishi kerak.

Shunday deymizu, barcha tarbiyani ham eplab bera olmayaptiku, ming afsuski...

Xushnudbek Xudoyberdiyev