Fan olimpiadasi: shaffoflik, xolislik, haqqoniylik amaldami?


Har yili an'anaviy tarzda o‘quvchilarning bilimini baholash maqsadida o‘tkazib kelinadigan fan olimpiadasida adolatga amal qilish borasida ziddiyatli fikrlar o‘rtaga tashlanadi. Ma’rifat nashri bu yilgi fan olimpiadasi tuman/shahar bosqichining qay darajada o‘tganligi borasidagi o‘z Telegram-tarmog‘idagi mushtariylar mulohazalarini e'lon qildi, deb yozadi Kun.uz.

O‘qituvchi: — Har yili fan olimpiadasidagi o‘yinlar haqidagi shubhali gaplarga uncha ishonmasdim. Bu yil tuman bosqichida hakamlar hay'ati a'zosi bo‘ldim. O‘quvchilarning testlarini tekshirayotib hayratda qoldim. Barchaning javobi bir xil yechilgan — bexato bajarilgandi. Insho mavzulari ham avvaldan tayyorlab kelingan. Demak, test savollarini oldindan olib, kimlardir yechgan. Insho mavzulari haqida ham shunday xulosaga kelish mumkin.

Xayrullo Abdurahmonov: — Tuzukkina lavozimda ishlayotgan bir tanishimning farzandi Sergeli tumanidagi maktabda tahsil oladi. O‘tgan yillarda bilimlar bellashuvining tuman bosqichiga chiqqan edi. Ammo tuman miqyosidagi bellashuv shaxmat bo‘yicha respublika chempionati bilan bir kunga to‘g‘ri keldi. Tanishimning qizi shaxmat musobaqasini tanlab, bilimlar bellashuviga bormaslikka qaror qildi. Buni qarangki, bir kun o‘tib ma'lum bo‘lishicha, u bilimlar bellashuvida 2-o‘rinni olganmish. Uni g‘olib qilish uchun, albatta, o‘qituvchi jonbozlik ko‘rsatgan.

Simona: — Bizda hakamlardan hamma norozi. O‘z o‘quvchilariga test varaqasi javobidagi faqat «S»​ harfini belgilashni uqtirgan. Ular o‘z o‘quvchisining testini tekshirganda «S»​ harfini to‘g‘ri javobga o‘zgartirarakan. Haqiqatan ham, «S»​ni A, B, D, Ye shakliga o‘zgartirsa bo‘ladi-da. Ustamonlikni qarang!

Bobojonova: — Mening o‘quvchim ham o‘tgan yili hakamlarning savodsizligi sababli o‘rin ololmadi. To‘g‘ri yozilgan so‘z xato hisoblanib, past ball qo‘yilgan. O‘quvchimning ishi apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqildi. Xatolarni hakamlarning bo‘yniga qo‘ydik. Ball qo‘shib beramiz, deyishdi, lekin qo‘shishmadi.

Fotima Karimova: — Olimpiada haqqoniy bo‘lishi uchun hay'at a'zolarini boshqa tumandan tanlash kerak. Shunda bilimli o‘quvchi keyingi bosqichga hech qanday qarshiliksiz o‘tishi mumkin.

Buxorolik o‘qituvchi: — Olimpiadadagi nohaqliklar G‘ijduvon tumanida bu yil avjiga chiqdi. Hamma hakamlar o‘z o‘quvchisiga yon bosdi. Masalan, 1-o‘ringa loyiq topilgan inshoni o‘qimay turib, 40 balldan 37 ball qo‘yganiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Lekin tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri bu ishni qilmang, deb maktab rahbarlaridan iltimos qilgan. Bu kabi holatlar qachongacha davom etadi? Yuqoriga arz qilamiz, desak, rahbariyat maktab direktorlarini qo‘rqitadi.

Abdulqodir M.A: — Bag‘dod tumanida fan olimpiadasi har yilgidek adolatsiz tarzda olib borildi. Test savollaridagi xatolar naqadar bee'tibor tuzilganini ko‘rsatib turibdi. Xonalar ham juda sovuq edi. Qizig‘i, imtihon boshlangach, test savollarini ko‘paytirish uchun nusxa olishdi.

Yulduzoy: — Ba'zilar olimpiadaga katta mas'uliyat bilan yondashsa, ayrimlarning mas'uliyatsizligi ochiq-oydin ko‘rinib qolmoqda. Olimpiadada maktab o‘qituvchisi o‘z o‘quvchisining ishini baholashiga nima deyish mumkin? Olimpiada onlayn o‘tsa yoki OTMdagi imtihonlar kabi DTM mas'ul bo‘lsa, shaffoflik, xolislik, adolat ta'minlanadi.​