"DTM test topshiriqlarini tuzishda «Shaffoflikka» amal qilishga tayyor emas"mi?


DTM ning «Физика фанидан абитуриентларнинг билимлари нега паст?»-  nomli maqolaga javobi haqida. Quyida javobning to‘la nusxasini keltiramiz. 

Javobni o‘qib bizda, na javobni tayyorlagan ijrochi, na unga imzo chekkan direktor o‘rinbosari maqolani o‘qimagan degan taassurot paydo bo‘ldi.

Go‘yoki takliflarimiz qayd etilgan «Nizom»ga ziddek. Shunday bo‘lsa-da, «Sizning fizika fani bo‘yicha takliflaringiz keyingi davrlarda e’tiborga olinishi mumkinligini ma’lum qilamiz»-, deb ko‘nglimizni ko‘tarishibdi. Shunisiga ham rahmat. Balki takliflarimiz 2030-yilda e’tiborga olinar. Yoki “e’tiborga olinishi mumkin bo‘lganidek"- “e’tiborga olinmasligi ham mumkin". Umuman, javobdagi ushbu gapni rasmiy tildan o‘zimizning jaydari tilga tarjima qilganda (yumshoqroq varianti)- «Sizning takliflaringiz kimga ham kerak. Boshqa qiladigan ishingiz yo‘qmi?» - degani bo‘ladi.

- Birinchidan, maqolada bildirilgan takliflar javobda keltirilgan «Nizom»ga, xususan, uning 8- bandiga zid emas.

Biz qayd etilgan “Nizom" va DTM Fizika fanidan test savollarini tuzishda foydalanishini ta’kidlagan adabiyotlar ro‘yxati bilan tanishmiz. Lekin bu ro‘yxatda «o‘quv – metodik qo‘llanma» borligini bilmagan ekanmiz. Javob ijrochilari ro‘yxatdagi adabiyotlardan qaysi biri «o‘quv – metodiki qo‘llanma» va u nima haqda ekanligini aniqlashtirishga amaliy yordam beradilar degan umiddamiz.

- Ikkinchidan, «Fizika» fanidan test topshiriqlarining asosiy qismini masalalar tashkil qilib ularning manbalari noma’lumligicha qolmoqda. Shuning uchun ham bunday manbalar sifatida hammaga ma’lum o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Taklif etilgan A.P.Rimkevichning “Fizikadan masalalar" o‘quv qo‘llanmasi-Akademik litseylarning «Aniq fanlar» yo‘nalishi tarmoq ta’lim standartidagi «Fizika» fani bo‘yicha dasturda asosiy adabiyotlar sifatida ro‘yxatga kiritilgan. V.I.Lukashik, E.V.Ivanovalarning «Fizikadan masalalar to‘plami» o‘quv-qo‘llanmasi esa umumta’lim muassasalarining 7-9-sinflari uchun yangi dasturga foydalanish uchun kiritildi. Bundan tashqari u ko’p yillardan beri ta’lim jarayonida muvaffaqiyatli foydalanib

kelinadi. Ularning birinchisi 18-marta, ikkinchisi 24-marta qayta chop etilib, masala va mashqlari sayqallangan. Fizikaning fundamental qonunlarini o‘rganishga, o‘quvchilarning fikrlash qobilyatlarining rivojlanishiga amaliy yordam berishi yillar davomida isbotlangan.

- Uchinchidan, savollarning yarmi nazariy, yarmi masala bo‘lishi maqsadga muvofiq - degan taklif asosida -o‘quvchilarning turli xil testlarni yodlashlari emas, balki fizika qonunlarini chuqurroq o‘rganishga ko‘proq vaqt ajratishlari nazarda tutilgan edi.

- To‘rtinchidan, savollarning – uchdan bir qismi birinchi darajali qiyinchilikdagi, - uchdan bir qismi ikkinchi darajali qiyinchilikdagi, qolgan uchdan biri-uchinchi darajali qiyinchilikdagi testlar bo‘lgani ma’qul,- degan taklif asosida abituriyentlarning o‘z imkoniyatlarini (qobilyatlarini) chamalab tayyorgarlik ko‘rishlari va hujjatlarini imkoniyatlari yetadigan OTM lariga topshirishlari mumkinligi nazarda tutilgan edi.

DTM ning «test topshiriqlarini» tuzishda o‘zlari havola bergan «Nizomga» va o‘zlari tasdiqlagan “Kodifikatorga" qanchalik amal qilishlarini dastlabki ikkita maqolada ko‘rdik. Aftidan, oldinlar ham shunday bo’lgan bo‘lsa ajab emas. Shuning uchun ham, ular Kodifikatorni OAB da chop etishni va test topshiriqlari bankini ochiq e’lon qilishni istashmaydi. Buning ustiga, bu holni ijobiy tomonga o‘zgartirishga qaratilgan har qanday takliflarga e’tibor berishmaydi.

Nega bunday:

1) DTM hali-beri test topshiriqlarini tuzishda to‘la «Shaffoflikka» amal qilishga tayyor emas;

2) «Biz uchun o‘zgalarning fikri hech narsaga arzimaydi»,- deb hisoblaydigan davrlar o‘tib ketganini sezishmayapti;

3) ….

“ Ma’rifat " gazetasining 16-yanvar sonida «Аbituriyentlar bilimi nega past?» nomli maqola chop qilindi. Maqolada keltirilgan ko‘rtsatkichlar va boshqa fan vakillarining bizga bildirgan mulohazalariga asoslanib, «fizika» fani bo‘yicha mavjud muammolar boshqa fanlarda ham yo‘q emasga o‘xshaydi, degan xulosaga kelishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi ПК – 3775 qarorida: -

Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalariga kirish test-sinovlari abituriyentlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda, - deb qayd etilgan.

Fanlardan, xususan, «fizika» fanidan test savollarini tuzishdagi mavjud noshaffoflik na faqat abituriyentlarning «fikrlash qobiliyatlarini aniqlashga» imkon bermay qolmasdan, ta’lim jarayonida «bunday qobiliyatning rivojlanishiga» salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Fizika» fanidan kirish test sinovlarida foydalanilayotgan masalalarning manbalari noma’lum bo‘lib qolar ekan, o‘quvchilar va o’rgatuvchilarining asosiy ishi ijtimoiy tarmoqlardagi va turli to‘plamlardagi testlar bilan shug‘ullanish bo‘laveradi. Ularni o‘quv adabiyotlari bilan shug‘ullanishga qaytarish uchun, yoki test sinovlarida foydalanilayotgan masalalarning manbalarini

aniqlashtirish, yoki DTM ning bankidagi barcha topshiriqlarni e’lon qilish zarur.

Bugungi kunda, yurtimizda odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilashga, ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga harakat qilinmoqda. Ishlab chiqarish unumdorligini oshirish

uchun fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlariga asoslangan “yangi texnologiyalar"ni joriy qilish kerak. Yangi texnologiyalar esa qadim zamonlarda ham, hozir ham, kelgusida ham, asosan, fizika fani (ayniqsa, kvant fizikasi) qonunlariga tayanib yaratiladi.

Jonajon yurtimizning porloq kelajagi haqidagi har qanday shirin orzular o’quvchilarimizning «Fizika» fanini qanday bilishlari bilan chambarchas bog’liqligini unutmasligimiz lozim.

Abduqahhor G‘aniyev,

fizika-matematika fanlari nomzodi,dotsent.

fizika.1011@mail.ru

@yangifizika

teleg.913218618.