DTM: Hujjatlarni soxtalashtirgan abituriyentlar talabalikdan chetlashtiriladi va qayta tiklanmaydi


17 iyun kuni Davlat test markazi Bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov, boshqarma boshlig‘i Diyor Qo‘chqorov, bosh yurist-konsultant Guljahon Madrahimova ishtirokida 2019/2020 o‘quv yiliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda kun.uz.

Ma'lumot berilishicha, bu yilgi test sinovlari 69ta yirik binoda bo‘lib o‘tadi va ularning eng kattasida 1710 nafar abituriyent imtihon topshiradi. Testning adolatli o‘tishini ta'minlash maqsadida bir kunda 2 518 nafar, jami 6 200 nafar guruh nazoratchilari jalb qilish rejalashtirilgan.

2017 yilda jami 37 736ta, 2018 yilda 179 mingdan ortiq test topshiriqlari qo‘llangan bo‘lsa, 2019 yilda 180 mingdan ortiq test savollarini shakllantirish rejalashtirilgan.

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida faqat zarur hujjatlarni ko‘rsatishi va qayd etilishi avvaldan ma'lum qilingan edi.

«Agar abituriyent o‘ziga tegishli hujjatlarda yoki imtiyozlarga oid ma'lumotlarda soxtakorlikka yo‘l qo‘ysa va natijalarga ko‘ra talabalikka tavsiya qilinsa, baribir talabalar safidan chetlashtiriladi hamda qayta tiklanish imkoniyati berilmaydi», deya Davlat test markazi Bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.