Chiptalar deyarli sotib bo‘lingandan so‘ng talabalarga poyezd uchun 50 foizli chegirma e’lon qilindi


Onlayn chipta olish mumkin bo‘lgan platformaga ko‘ra, hozirda qishki ta’til kunlaridagi poyezdlar uchun chiptalar qolmagan.

O‘zbekistonda talabalar qishki ta’til vaqtida mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar qatnovida chiptalardan chegirmali narxda foydalanishi mumkin, deb xabar berdi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi".

Xabarda chiptalar narxiga 50 foizli chegirmalar 2023 yilning 25 dekabridan 2024 yilning 7 yanvariga qadar amal qilishi qayd etilgan.

Chegirmalar faqat mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlari uchun belgilangan. Ya’ni bu imtiyoz SV /VIP klass vagonlari va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob" elektropoyezdi uchun amal qilmaydi.

Chiptalarni pasport bilan temiryo‘l kassalariga tashrif buyurish yoki elektron tarzda “eticket.railway.uz" saytidan xarid qilish mumkinligi aytilgan. 

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, talabalar uchun chegirmalar chiptalar deyarli sotilib bo‘lgandan keyingina e’lon qilingan. 


U “har yili yo‘q chiptaga kechikib chegirma e’lon qilinishi, undan ko‘ra talabalar uchun yilning istalgan davrida qishki ta’til uchun chegirma asosida chipta olish huquqi bo‘lishi kerakligi, ular dekabr kelishini kutib o‘tirishi noto‘g‘riligi" ekanligini ta’kidlagan.