O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida 2018/19 yilgi o‘quv mavsumida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun bir qator yangiliklar e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda chet tilini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini keng qo‘llagan holda 2018 yil 1 yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlarga sertifikatni olgandan boshlab 3 yilgacha turli imtiyozlarni berish tartibi joriy etildi.
Unga ko‘ra, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi A2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining saralash test sinovlari ro‘yxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball berish va ularni chet tili fanidan test sinovidan ozod etilishi belgilangan.
Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari majmuasiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan yo‘nalishlarda chet tili fanidan belgilangan maksimal ballni qo‘lga kiritish uchun B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lish talab qilinadi.
B2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalari magistraturasining kirish test sinovlarida chet tili savollarga javob bermay maksimal barcha ballarni qo‘lga kiritadi.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Oliy ta’lim vazirligi xodimi ana shunday imtiyoz magistraturada o‘qish istagida bo‘lgan abituriyent o‘rtasida tajriba qilingani haqida so‘zlab berdi:
«Bu yil magistratura bosqichining kirish imtihonlarida o‘zgacha vaziyat kuzatildi, demak chet tilini bilish haqidagi sertifikatga (IELTS, TOEFL) ega abituriyentlar maksimal belgilangan 50 ballni qo‘lga kiritdi. Buning uchun ulardan IELTS baholash tizimi bo‘yicha 5.5 va undan yuqori ballni qo‘lga kiritgani haqidagi sertifikatni ko‘rsatishi lozim edi».
Shuningdek, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun belgilangan maksimal ball bilan baholash va sinovdan ozod etiladi.
Manba: kun.uz