Xuddi o‘zlari oppoqdek nuqul meni tanqid qilishadi, omon bo‘lgurlar. Xullas, turli maqolalar, hikoyalar qahramoni bo‘liverish jonga tegdi. Nima menda ham qalam yo‘qmi? Faqat ozgina mizg‘ib olsam kifoya, maqola deganlarini do‘ndirib tashlayman. Shuni ba’zi aqllilarga aytsam, «Dangasaning og‘zi botir» deb ustimdan kulishdi. Ularning bu qilig‘i jahlimni chiqardi. E’tibor bering-a, qachon qarasang «Dangasa bo‘lish yomon, salbiy illat» deb bong urishadi. Bizga yangi fikr, yangilik kerak, hurmatli qalamkashlar! Dangasaning ham o‘z so‘zlari, hayot tarzi va yana kechirib qo‘yasiz, muammolari bor. Masalan, siz uchun nuqul bir nuqtaga tikilib, xayol surishdan yomoni yo‘q. Men esa soatlab ba’zan shu ahvolda o‘tirishga majbur bo‘laman. Kitob, musiqa, qo‘yingki, olamdagi jamiki shovqin menga uyquni eslataveradi.
Uyqu esa eng beozor, eng yoqimli do‘st. Tush ko‘rsang, u sendagi xayoliy sahnalarni tasavvurda yaratib beradi, faqat ko‘zlaringni ochib, hammasi g‘irt yolg‘onligini bilgach, alamdan boshni yana yostiqqa burkashga majbur bo‘lasan.
Bir do‘stimning aytishicha, menda «o‘z-o‘zini tanqid qilish» xususiyati yo‘q ekan. Tasavvur qiling, butun jamiyat sendan norozi bo‘lib turgan vaqtda, o‘zini yomonlashga o‘rin bormikan?
Dangasalarni ko‘knorixayollarga chiqarish eng katta xatolardan biridir. Masalan, men hayotga real qaraydigan insonman. Shu xususiyatim tufayli ne-ne ko‘rguliklarga duchor bo‘lmadim. Ertalab zo‘r-bazo‘r uyg‘onib, darsga yetib borganimda, talabalarning quntsizligidan xunob bo‘lib o‘tirgan o‘qituvchi mendan alamini oladi. Topshiriqni bajarib bormaganlar ko‘pchilik, ammo ninadek o‘tkir so‘zlar menga qaratiladi. Bir o‘zim butun guruhning yuziga dog‘ bo‘lib tushgan emishman. «Ish qilganga qop-qop, qilmaganga bo‘sh qop» deb uqtirdi ustoz. Oqibatda barcha imtihonlardan qoniqarsiz baho oldim. Ismi-sharifimni hatto talabalar safidan chiqariladiganlar qatoriga qo‘shib qo‘yishibdi. Bu holni ko‘rib, oromni sevuvchi kamina oyog‘i kuygan tovuqdek pitirlab qoldim. Eng yomoni, bir amallab qidirib topgan domlalarim topshiriqlarni shunday qalashtirib tashlashdiki, ustma-ust qo‘ysa Jomolungmaga yetadi. Buning ustiga tashqarida «tuf» desang tupuk qotadigan sovuq. «Ishdan qo‘rqmagan qishdan qo‘rqmas» qabilida a’lochilar mazza qilib yurishibdi.
Men esa kechga yaqin xonamga kelaman-da, yana topshiriqlarga yopishaman. Goh charchoq yengib, bir tomonga og‘a boshlaganimda, o‘qish baxtidan mosuvo bo‘lish yodimga tushib sergak tortaman. Ovqat ham tomoqdan o‘tmaydi, yengil xo‘rak dastidan tayoqdek qotib ketdim, yumshoq o‘rin esa necha kundan beri bir taxlitda turibdi. Uyqu degan so‘z endi shirin xotiralarga ko‘milib, xayolimdan uzoqlashgan. Televizor va futbol matchlari yoshlikda buvim so‘zlab bergan ertaklardek tuyuladi. Esiz beg‘am o‘tgan davrlarim, esiz bekor o‘tgan vaqtim deyman-u,yana kitob ustiga engashaman.
Biroz fursat o‘tgach, topshiriqlarga «tishim o‘ta boshlaydi». Rahmdil do‘stlarim yordamga keladi. O‘qituvchilar xonasi, koridor, yoxud boshqa joyda soatlab o‘tirganimga ustozlarining rahmi kelib, vazifalarni qabul qilishadi, «yigitning bahosi»ni qo‘yib berishadi.
Xullas, «sarguzashtlar» shu tariqa tamom bo‘ladi. Shu paytgacha «Ishlaganning ishi bitar, Kishnaganning kuni o‘tar» qabilida yurganim uchun o‘zimni bo‘ralab so‘kaman. Yo‘q buyog‘iga boshqacha harakat qilaman. Bugun o‘zgaraman!..
Ulug‘bek Oripov
Manba: xabar.uz