Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentiligi anjumanlar zalida test sinovlari natijalari boʻyicha navbatdagi hisobot brifingi boʻlib oʻtdi.
Boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorovning maʼlum qilishicha, 4-avgust kuni ikki smenada jami 71 340 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan. Shundan 69 ming 032 nafar abituriyent kirish imtihonlariga kelgan, 2 259 abituriyent esa turli sabablarga koʻra test sinovlarida ishtirok etmagan. 17 nafar abituriyent hududga kirishda, 32 nafari binoda qoidani buzgani uchun test sinovlaridan chetlashtirilgan.
5-avgust kuni esa test sinovlariga 71 ming 340 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan boʻlib, shundan 69 ming 620 nafari test imtihonlariga kirgan. 1662 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan.
Shuningdek, 21 nafar abituriyent binoga kirishda, 37 nafari esa binoda qoidani buzgani uchun imtihondan chetlashtirilgan.
DTM xodimi OAV vakillariga bu yilgi test sinovlarining qanday oʻtayotgani haqida maʼlumot berar ekan, joriy yilgi test sinovlarida oʻtgan yili yoʻl qoʻyilgan ayrim xatolar bartaraf etilganini taʼkidladi.
“Oʻtgan yilgi test imtihonlarida abituriyentlar uchun tayyorlangan materiallarning oʻz vaqtida yetkazib berilmay kechikishi yoki testlarning almashib ketish holatlari kuzatilgan edi, — dedi Diyorbek Qoʻchqorov. — Joriy yilda har bir jarayon oʻz vaqtida va puxta, aniqlik bilan amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili Moliya institutida bir guruh abituriyentlar belgilangan fandan imtihon oʻtkazilmagani borasida norozilik bildirishgan edi. Bu yil shunday vaziyatlar kelib chiqishining ham oldi olindi. Yaʼni, har bir abituriyentga qaysi fanlardan imtihon topshirishi maʼlum qilindi".
Maʼlumot uchun: 4-avgust holatiga koʻra, bakalavr yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida Toshkent Moliya institutining iqtisodiyot yoʻnalishida eng yuqori ball qayd etildi — 189,0 ball; sirtqi taʼlim shakli boʻyicha Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetining iqtisodiyot fakultetida — 183,5 ball toʻplangan; kechki taʼlim shakli boʻyicha esa Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutining xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik: Xitoy taʼlim yoʻnalishida eng yuqori ball kuzatildi — 122,0 ball.