«Bu — ko‘zbo‘yamachilik». San’at va madaniyat instituti jiddiy tanqid qilindi (video)


«Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi soni o‘zbek kinosining yutuq va muammolariga bag‘ishlandi.

Ko‘rsatuvda ishtirok etgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari mavjud texnik imkoniyatlardan yetarli darajada foydalana olmayotganini ta’kidlagan.

«Men shu institutning to‘rtinchi kursida o‘qiyman. Kino televideniye va radio rejissyorligi bo‘limida. Kursda yigirma rejissyormiz. Tabiiyki, biz kurs ishi uchun qisqa metrajli filmlar olamiz. Lekin institut texnikalar bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, unday foydalana olmaymiz. Negaligini bilmayman. Jihozlangan pavilonga birorta marta kirmaganmiz, yonidan o‘tib ketamiz har doim.

Do‘stlarimiz bilan kurs ishi uchun texnika ta’minoti so‘rab chiqqanimizda aytishganki, institut hududidan tashqariga chiqish mumkinmasligini aytishgan», — deb aytgan talabalarning biri.

«Pavilonni ko‘rib ko‘zimga yosh keldi. Birinchi marta ko‘rishim», — deya kinoya qiladi ishtirokchilardan biri.

Ko‘rsatuv boshlovchisining unda bu texnikalar kim uchun degan savoliga, «mehmonlar uchun, ko‘zbo‘yamachilik uchun», — deya javob beriladi.

Manba: xabar.uz