Ayrim oliygohlarda grantga kirgan bironta talaba bo‘lmasligi mumkin


Joriy yildan boshlab davlat grantlari oliygohlar uchun berilmaydi, balki yo‘nalish uchun ajratiladi. Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti uchun aniq grant kvotasi bo‘lmaydi, 50 ta oladi, 100 ta oladi, deyilmaydi. Balki yurisprudensiya yo‘nalishi uchun umumiy grant kvotasi ajratiladi.

Bunda respublikadagi barcha oliygohlardagi yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar orasida kvota doirasida eng yuqori ball to‘plaganlari, qaysi OTMga topshirganidan qat’i nazar, grantga kiradi. Bu degani endi ayrim oliygohlarda grantga kirgan bironta talaba bo‘lmasligi mumkin.

Keling aniq misolda ko‘ramiz.

Joriy yilda yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 115 ta grant kvotasi ajratilibdi. Masalan, TDYU, O‘zMU, QDU, SamDU va NamDUda yurisprudensiya yo‘nalishi bor deylik. Mana shu 5 ta oliygohning yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan barcha abituriyentlar ballar ketma-ketligida taxlab chiqiladi va eng yuqori ball olgan 115 nafar abituriyentga grant beriladi. Shunda, misol uchun, TDYUga 50 ta grant, O‘zMUga 25 ta grant, QDUga 20 ta grant va h.k. to‘g‘ri kelishi mumkin.

Ya’ni davlat endi falon universitetga grant beraman, degandan ko‘ra, ma’lum bir yo‘nalishga topshirgan va yuqori ball olgan aqlli abituriyentlarga grant beraman, deyapti. Bu degani endi qaysidir oliygohga 160 ball bilan kontraktga kirib, boshqa bir oliygohda xuddi shu yo‘nalishga 100 ball bilan grantga kirish degan narsa yo‘qoladi.

Faqat bitta istisno joyi bo‘ladi. Davlat grantining barcha kvotasini bitta oliygoh olib qo‘yishining oldini olish maqsadida cheklov qo‘yiladi. Masalan, 115 ta kvotaning hammasi TDYUga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Bunaqa paytda, masalan, 50%lik cheklov qo‘yiladi. Ya’ni TDYU faqat 115 ta kvotaning yarmini, ya’ni 57 ta grant kvotasini olishi mumkin bo‘ladi.