Hukumat qarori (79-son 27.02.2023 y.) bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim krediti ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim kreditlari BHMning 65 baravarigacha bo‘lgan miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatgacha 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslarga ajratiladi.
Kredit oluvchi ta’lim kreditini olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ariza;
- kredit oluvchi va IT-park rezidenti bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarida tahsil olish haqida rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt, ommaviy oferta);
- ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat. Bunda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma («Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlar uchun);
- bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli ma’lumot va hujjatlar.