Apellatsiya boʻyicha: onlayn murojaat bugun soat 23:59 gacha qabul qilinadi


Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga hujjat topshirgan abiturientlar 11-13 iyul kunlari dastlabki imtihon — intellektual test topshirishdi. Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 358-sonli qarori asosida joriy etilganidan xabaringiz bor.

Bugungi kunda karantin holatidan kelib chiqib, Intellektual test onlayn tarzda oʻtkazilmoqda. Shu bois mazkur sinovga abiturient nafaqat intellektual bilimlari boʻyicha, balki texnik (kompyuter yoki mobil apparatining sozligi, internet tarmogʻi muvofiqligi) jihatlariga ham eʼtibor qaratishi zarur(!).

“Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida Nizomning 38-bandiga muvofiq, imtihon natijalariga doir maʼlumot Аkademiyaning axborot stendlarida va Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida imtihon oʻtkazilgandan keyingi 2 (ikki) kun ichida joylashtiriladi.

Tabiiy savol tugʻiladi: agarda abiturient eʼlon qilingan natijalardan qanoatlanmasa kimga, qachon va qanday murojaat qilishi lozim?

Аlbatta, har qanday sinovlar jarayonida tushunmovchilik holatlari yuzaga kelishi ehtimoldan holi emas. Shu bois, “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida Nizomning 2-bob, 39-bandiga koʻra, Dastlabki imtihon natijalari eʼlon qilinganidan soʻng bir kundan kechikmagan holda ularni qayta koʻrib chiqish uchun Call Center hamda @Qabul_2020_UzXIA_official telegram akkauntiga murojaat qilinishi mumkin.

Murojaat quyidagi hujjatlar asosida koʼrib chiqiladi:

  •  Murojaat sababi (toʻliq hujjatli asosi bilan);
  •  Pasport nusxasi;
  •  Amaldagi mobil telefon raqami;
  •  Taʼlim yoʻnalishi;
  •  Login (agar SMS xabar kelmagan boʻlsa yuqoridagi hujjatlar).

Onlayn murojaat 14.07.2020 yil soat 23:59 gacha qabul qilinadi.

Murojaatlar Qabul komissiyasi tomonidan abiturient dastlabki imtihon natijalarini qayta koʻrib chiqish uchun murojaat qilgan kunidan keyingi 2 (ikki) kun ichida koʻrib chiqilishi belgilangan.

Yana bir bor taʼkidlash joizki, Nizomning 40-bandiga asosan Dastlabki imtihonni qayta oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻz navbatida eslatib oʻtish kerakki, Nizomning 35-bandiga asosan Dastlabki imtihon(intellektual test)ni topshirmagan abiturientlarga bir nechta oliy taʼlim muassasasini tanlash jarayonida Аkademiyani belgilashga ruxsat berilmaydi(!).

Shu nuqtai nazardan, barcha abiturientlardan test jarayonlariga puxta tayyorgarlik koʻrishni soʻragan holda, sinovlarda omad tilaymiz.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati