Аbituriyentlar diqqatiga: 11-13 iyul kunlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi abituriyentlari Intellektual test topshiradi


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga o‘qishga hujjat topshiradigan abituriyentlar dastlabki imtihon — Intellektual testdan o‘tishi lozim. Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʼrisida"gi 358-son qarori asosida joriy etilmoqda.

Eʼtiborlisi, ushbu imtihon natijalari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan asosiy test sinovlarini topshirishga ruxsat berish yoki rad etishga asos bo‘ladi. Shu bois, har bir abituriyent dastlabki imtihonga masʼuliyat bilan va jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi lozim. 

Demak, abituriyentlar belgilangan (https://bit.ly/3i40z9h) hujjatlarini onlayn tarzda topshirgach, so‘rovnomada ko‘rsatgan mobil(!) telefoni raqamiga SMS xabar orqali dastlabki imtihon kuni(sana), vaqti(soat), internet havolasi hamda shaxsiy Login va Parol oladi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining barcha abituriyentlari joriy yilning 11-13 iyul kunlari onlayn tarzda Intellektual test topshiradi(!).

Dastlabki imtihonda har bir abituriyentning intellektual darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus kasb-hunar taʼlimi O‘quv dasturlari asosida — O‘zbekiston, jahon va dunyo dinlari tarixi, ona tili va adabiyot hamda umumiy savodxonlikka doir mantiqiy fikrlash va maʼnaviyat asoslari bo‘yicha jami 20 ta savol havola etiladi. Savollarga javob berish uchun umumiy 40 daqiqa vaqt beriladi. Har bir to‘gʼri javob 5 ball bilan baholanadi. To‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori natija — 100 ball hisoblanadi.

Unutmaslik lozimki, belgilangan Nizom talabiga ko‘ra, Dastlabki imtihon qayta o‘tkazilmaydi. Shu bois abituriyent dastlabki imtihonga tayyorlanishda texnik jihatlarga ham eʼtibor qaratishi lozim. Zero, ayrim sababga ko‘ra, kompyuter yoki mobil aloqa (Intellektual test sinovi uchun mobil ilova ham yaratilgan) vositasining internet tarmogʼi yoxud elektr quvvatida uzilish bo‘lib, savollarga to‘liq javob belgilanmay qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Dastlabki imtihon natijalari bir kunda tahlil etilib, muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar ro‘yxati shu kuni Davlat test markaziga taqdim etiladi.

Shundan so‘ng 50 va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar 15-20 iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 4 ta oliy o‘quv yurtiga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston xalqaro akademiyani belgilab hujjat topshirish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2020/2021 o‘quv yili uchun qabul jarayonini yuqori saviyada tashkil etish, abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga tezkor javob berilishini taʼminlash maqsadida Konsultatsiya – Call Center (https://bit.ly/2YzNVHh) faoliyat ko‘rsatmoqda.