Prezidentning tegishli qarori bilan Andijon shahrida Andijon davlat chet tillari instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya beriladi.
Bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi.
Bunda:
- chet tilini bilish darajasi B2 va undan yuqori milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga imtihonsiz maksimal ball beriladi;
- chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
- Magistraturaga kirishda C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikat va bakalavriat diplom balining o‘rtacha ko‘rsatkichi inobatga olinadi hamda qo‘shimcha imtihonlar o‘tkazilmaydi.
- C1 darajasidan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab boriladi.
O‘quv jarayoniga malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.
Talabalar amaliyot o‘tashi uchun ularni hududdagi korxonalar, turizm va madaniy meros obyektlari, taʼlim va boshqa tashkilotlarga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilish choralari ko‘riladi.