«20 yil bo‘ladi, orzu qilganman. Shu yerda o‘qishni...20 yildan beri orzu qilaman», — deydi 4 yildan buyon Ichki ishlar Akademiyasida tahsil olishni istab, imtihonlardan o‘tolmagan abituriyent.
Shaxsi sir qolishi sharti bilan Kun.uz'ga intervyu bergan yigitning so‘zlariga ko‘ra, u yoshligidan ichki ishlar organlarida mehnat qilib, shu kasbda faoliyat yuritishni orzu qiladi.
«Shunchaki o‘qishning o‘zi qiyin. Masalan, litseyga borish jarayonida kiyim yo‘q, tufli yirtiqligi tufayli 2- kursda umuman [o‘qishga] bormaganman. U yoqda oddiy odamlar ham o‘qiydi, har kuni, kundalik kiyim kiyib boradi. Men esa bitta kiyimda borishga qisinib qolganman. Uyalib qolganman», — deya o‘rta maxsus ta`lim paytidagi davrlarni esladi u.
Suhbatdoshning aytishicha, birinchi marta uning orzusidagi o‘qishga hujjatlarini topshirish uchun oilasi ruxsat bermagan. Sababi - pul.
«Akademiyaga hujjat tayyorlash juda qiyin, shifokor ko‘rigi, hammasi - qimmat. Bitta EKGdan o‘tish 60 ming so‘m turadi. Lekin men bu yoqqa [Akademiyaga] nomzod bo‘lib kelyapman. Hujjat qilamiz, hamma narsani tiqish kerak. Shularning xarajatini o‘ylab, topshirtirishmadi», — deydi u.
Uning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi so‘ndi, ammo umidini so‘ndirmay, armiyada xizmat qilishni o‘ylay boshladi. Ammo, otasi vafot etgan, oilada onasining yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan suhbatdoshimizni armiyaga ham olishmadi.
«Armiyaga ketish chog‘imda,«qizil»da tashlab ketishdi. Qonun bo‘yicha to‘g‘ri kelmaysan, dedi, vassalom. Men esa umid bilan «Ketaman», deb quvonib turgandim. Shundan keyin, umuman hayotga qiziqishim qolmadi. Uyimdagilar«bali pastroq ekan» deya matematika-fizika fakultetiga hujjatlarimni topshirtirishdi. Lekin menda qiziqish yo‘q. Qo‘ldan kelgancha o‘rgandim, lekin tortmadi, o‘qimay qo‘ydim, kirolmadim ham.
Keyingi yilga o‘zimga maqsad qo‘ydim: o‘zi orzung nima edi? Eslab qol! Yiqilgandan keyin uyda bir oy yotdim, hech nima qilolmadim, bir oy uydan chiqmadim. O‘zimga o‘zim savol beraverdim. Orzung nima?
Yaqinlarim meni yoqtirmay qolsa ham, Vatan mendan voz kechmagan-ku. «Bo‘ldi, sen yomon bolasan», deb tashlab qo‘ymayapti. Men doim boshqalar bilan teng huquqli bo‘lganman, huquqim teng. Shunda aytgandim: men o‘qishga kiraman. Vatan mendan voz kechmabdimi, men ham undan voz kechmayman, oldimdagi burchimni bajaraman.
Quruvchi bo‘lsang, yo ustoz bo‘lsang ham, to‘g‘ri, Vatanga xizmat qilasan. Lekin, organ sohasida ishlash bu - oldingi qatorlarda turib, o‘z burchingni bajarish. Tayyorgarlik boshladim, endi», — deydi to‘lqinlanib u.
Biroq, tayyorgarlik ko‘rishni istagan suhbatdosh tayyorlov kurslariga borolmadi. Buni u kurslarning qimmatligi bilan izohladi.
«Qimmat. Masalan, bir oyda 3ta fandan haftasiga 3kundan kursga qatnasam, 100 mingdan 300 ming so‘m pul to‘lashim kerak. Oyim 500 ming so‘m pensiya oladi. Bunday vaziyatda, men ishlamay kitob bilan mashg‘ul bo‘lishim, tayyorgarlik qilsam, kitob yurakka sig‘adimi? O‘ylar charx uradi: pul topishim kerak, ertaga nimani yeymiz, nimani ichamiz? Shu narsani o‘ylab, odam siqiladi, kitob ham o‘qimaydi. Baribir qo‘ldan kelgancha o‘qirdim», — deb ta`kidlaydi u.
Suhbatni to‘liq tomosha qilish uchun quyidagi havolaga bosing.
Manba: kun.uz