Akademik litseylarga kirish test sinovlari natijasi qachon e’lon qilinadi?


2023-yil 24-iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilimni baholash agentligi tomonidan 2023/2024-o‘quv yili uchun akademik litseylarga kirish test sinovlari o‘tkazildi.

Test sinovlari respublikadagi 29 ta katta sig‘imli binoda 2 smenada tashkil etilib, unda 28 ming nafardan ziyod talabgor ishtirok etdi.

Test sinovlari ta’lim yo‘nalishiga mos 2 ta fan va intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo‘yicha o‘tkazildi.

Bunda talabgorlarga har bir fandan 20 tadan jami 60 ta test topshirig‘i va ularni ishlash uchun 1 soat-u 50 daqiqa vaqt berildi.

Test sinovi natijalari agentlik tomonidan 5 kun ichida hisoblanib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etilgandan so‘ng e’lon qilinadi.