2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar ruxsatnoma berilishini kutmoqda.
Hozircha joriy yilgi test sinovlari uchun ruxsatnomalar aynan qaysi sanadan berilishi rasman e’lon qilinmagan.
Biroq o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, bu yil ham ruxsatnomalar taxminan 7-iyul atrofida taqdim etilishi mumkinligi aytilmoqda.
Ruxsatnoma abituriyent uchun test sinoviga kirishda zarur bo‘lgan muhim hujjat hisoblanadi. Unda abituriyentning test topshirish joyi va vaqti bilan bog‘liq asosiy ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Ruxsatnomada quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:
-
Test sinovi topshiriladigan hudud;
-
Belgilangan hududga kelish vaqti;
-
Test topshirish joyi nomi;
-
Test topshirish manzili;
-
Test topshirish alifbosi;
-
Ta’lim shakli;
-
Ta’lim tili.
Abituriyentlar ruxsatnomani my.uzbmb.uz sayti orqali olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, ruxsatnoma faqat test sinovi topshiradigan abituriyentlargagina emas, balki ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlarga ham beriladi.
Abituriyentlarga ruxsatnoma e’lon qilingach, undagi barcha ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirish tavsiya etiladi. Ayniqsa, test topshirish manzili, kelish vaqti, ta’lim tili va alifbo bo‘yicha ma’lumotlarga e’tibor qaratish muhim.
Hozircha ruxsatnomalarning aniq berilish sanasi rasman ma’lum qilinmagan. Shu sababli abituriyentlar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy e’lonlarini kuzatib borishlari lozim.