Shu kunlarda yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 2018/2019-o‘quv yili uchun qabul jarayoni qizg‘in davom etmoqda.
Ma’lumki, oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish ham ancha mas’uliyatli jarayon bo‘lib, bunga jiddiy taraddud ko‘rish talab etiladi. Ya’ni, oliy o‘quv yurtlari qabul komissiyalariga o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumot olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar bilan birga salomatligi haqida 086-h shakldagi tibbiy ma’lumotnomani ham taqdim etishi lozim.
Shu o‘rinda, ota-onalar va yoshlarda bunday ma’lumotnomani qayerdan olish kerak, qaysi tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak, shifokorlar ko‘rigi va tahlillar pullimi yoki bepul, degan savollar tug‘ilishi tabiiy.
Ushbu mavzuga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati boshlig‘i Furqat Sanayevga murojaat qildik:
— Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017-yil 25-dekabrdagi 777-sonli buyrug‘iga muvofiq tasdiqlangan 086-h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma ambulator-poliklinika muassasalarida yuritiladigan tibbiy hujjat hisoblanib, uni yuritishdan maqsad yoshlarning salomatlik holatini nazoratdan o‘tkazishdir. Zero, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan, oliy ta’lim olib el-yurtga xizmat qilishga bel bog‘lagan yigit-qizlar, avvalo, har tomonlama sog‘lom va tetik bo‘lishi lozim.
086-h shakldagi tibbiy ma’lumotnomani to‘ldirish uchun yoshlar terapevt, jarroh, nevropatolog, endokrinolog, okulist, otolaringolog, stomatolog, dermatolog kabi shifokorlar ko‘rigidan o‘tadi. Rentgen, flyuorografiya, laboratoriya tahlillarini topshiradi. Mazkur hujjatga profilaktik emlashlar haqidagi ma’lumotlar ham qayd etiladi.
Ko‘rib turganingizdek, tibbiy ko‘rik jarayoni ancha chuqur, tor mutaxassislar tekshiruvini talab etadi. Shu bois, bunday ko‘riklar asosan tumanlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda tashkil etiladi. Ushbu birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida esa bunday tibbiy tekshiruvlarni talab darajasida tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tibbiyotning turli sohalari bo‘yicha tor mutaxassislar, zamonaviy laboratoriya tahlil va diagnostika vositalari tibbiy ko‘riklarni talab darajasida tashkil etishga zamin yaratmoqda. Barcha abituriyentlar bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, salomatligini to‘liq tekshiruvdan o‘tkazishi mumkin.
Eng muhimi: abituriyentlar uchun tibbiy ko‘riklar va tekshiruvlar, shuningdek, 086-h shakldagi tibbiy ma’lumotnomani to‘ldirib berish bepul. Tibbiy ma’lumotnomaning barcha bandlari tegishli shifokorlar tomonidan to‘ldirib bo‘linganidan keyin uni davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokori tasdiqlab, imzo qo‘yadi va hujjatning pastiga tibbiyot muassasasi muhri bosiladi. Ana shunday talablar asosida to‘ldirilgan 086-h shakldagi tibbiy ma’lumotnoma abituriyentning salomatlik holati haqidagi asosiy hujjat bo‘lib, u oliy o‘quv yurtlari qabul komissiyalariga taqdim etiladi.
Shu o‘rinda, shuni ham eslatib o‘tishim lozimki, agar abituriyentlar va ota-onalar bunday tibbiy ma’lumotnoma olish uchun ortiqcha ovoragarchilikka duch kelsa yoki bu jarayonda pul talab qilinsa, tibbiyot muassasasida tashkil etilgan «Ishonch telefonlari»ga qo‘ng‘iroq qilib, haq-huquqingizni talab etishga haqlisiz.
Manba: xabar.uz