Test sinovlari natijasi bo‘yicha yetarli ball to‘plamagan va oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga oshirilgan to‘lov-kontraktning miqdori (barobari) kam bo‘lgan ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berildi.
Bunda, abituriyent test topshirgan fanlar majmuasining (fan bloklarining o‘rni) mosligi hamda uning doimiy yashash joyi va hujjat topshirgan oliy ta’lim muassasasi joylashgan hudud mezon sifatida belgilandi.
Bu nima degani?
Agar super-kontrakt narxlariga e’tibor qilsak, bir-biriga yaqin yo‘nalishlarning super-kontrakt narxlari har xil ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, qaysidir yo‘nalishda 10 barobar, qaysidirida 15 barobar, yana boshqasida 20 barobar.
Endi shunday o‘zgarish kirdiki, super-kontrakt 20 barobar qilib belgilangan yo‘nalishdan yiqilgan abituriyent o‘qishini 15 barobarli joyga ko‘chirishi mumkin.
❗️BU MUHIM!
Eng muhim joyi “perevod" qilinayotgan yo‘nalishlarda test olingan fanlar bir-biriga mos bo‘lishi kerak. Matematika, fizika, ona tilidan test topshirgan abituriyent tarix, chet tili, ona tili bo‘lgan joyga ko‘chira olmaydi.
Fanlar o‘rni muhimmi?
Ha, muhim! Masalan, 3 ta fan ham mos, lekin joyi o‘zgargan (fizika bittasida 3.1, boshqasida 2.1 ball) bo‘lsa, “perevod" qilib bo‘lmaydi.
Hudud ham muhim!
O‘qishni ko‘chirishda hudud ham rol o‘ynaydi. Bunda abituriyent 2 ta joydagi OTMga “perevod" qila oladi:
1. Doimiy yashash hududidagi;
2. Hujjat topshirgan OTM joylashgan hududdagi.
Masalan, doimiy yashash joyi Jizzaxda bo‘lgan abituriyent Samarqand viloyatidagi OTMga hujjat topshirdi va kira olmadi. Agar u super-kontrakti arzonroq joyga “perevod" qilmoqchi bo‘lsa, yoki Jizzax, yoki Samarqanddagi OTMni tanlashi kerak. Toshkentga ko‘chira olmaydi.
❌ MUMKIN EMAS!
Quyidagilar mumkin emas:
1. Bu faqat o‘qishga kira olmagan va oshirilgan qo‘shimcha kontraktda o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun imkoniyat. O‘qishga kirganlar kontrakti arzonroq joyga “perevod" qila olmaydi;
2. Abituriyent faqat super-kontrakti arzonroq joyga “perevod" qila oladi, qimmatga emas. Masalan, “Tarix" fakultetidan yiqilgan abituriyent qimmatroq bo‘lsa ham Yuridik universitetda o‘qishga roziman desa ham, mumkin emas.
“Perevod" bo‘yicha ayrim qo‘shimcha izohlar
O‘rtoqlar, “perevod"da ball bilan ko‘chib o‘tilmaydi. Ballning mutlaqo aloqasi yo‘q. Faqat super-kontrakt toifasi ko‘chib o‘tadi xolos.
Masalan, quyidagicha savollar juda va juda ko‘p berilmoqda:
Men 130 ball bilan yiqildim, kirish bali 150 bo‘ldi. Xuddi shu OTMdagi falon fakultetda kirish 110 ball bo‘ldi. O‘sha yerga “perevod" qilsam, oddiy kontraktda o‘qiymanmi?
Yo‘q, unaqa emas. Yangi tartibni noto‘g‘ri tushunyapsizlar. Gap faqat super-kontraktdan arzonroq bo‘lgan boshqa super-kontraktga “perevod" qilish haqida ketmoqda. Bali past joyga “perevod" qilib, oddiy kontrakt yoki grantga kirib qolmaysiz.
Men 130 ball oldim, hozir menga 8 ball yetmayapti. 10 barobar super-kontraktga tushganman. Falon fakultetda kirish 132 ball bo‘lgan. Agar uyoqqa “perevod" qilsam, 2 ball farq qoladi, men shunda arzonroq, ya’ni 2 barobar kontrakt to‘lashga o‘tsam bo‘ladimi?
Yo‘q, bo‘lmaydi. Yana qaytaraman, bu yerda ballar muhim emas. Shuningdek, ushbu qaror 4 ballik hududdagilar uchun taalluqli emas. Sababi 4 ballik hududdagi super-kontrakt barobarlari butun O‘zbekistonda bir xil. Masalan, qaysidir OTMga 1 ball yetmay qolgan bo‘lsa, 1,5 barobar, boshqasiga 1 ball yetmay qolgan bo‘lsa, 2 barobar to‘lanmaydi-ku. Hammasida miqdor bir xil. Shu sababli ushbu qaror 4 ballik hududdagilarga amal qilmaydi.
Gap aynan 10 barobardan oshiq super-kontraktlar haqida ketmoqda. Yana bir tomoni.
Super-kontraktning 4 xil miqdori bor: 10, 15, 20, 25 barobar. Demak, eng arzon super-kontrakt 10 barobar. Avval e’lon qilganimdek, 141 ta yo‘nalishda (51,1%) super-kontrakt miqdori 10 barobar (eng arzon) etib belgilangan.
Bundan xulosa qilish mumkinki, super-kontrakti 10 barobar bo‘lgan yo‘nalishlar hech qayerga “perevod" qila olmaydi. Chunki boshqa arzon joy yo‘q, tushunyapsizmi? Mayli, yanada “chaynab yedirish" uchun aniq misollar keltiraman.
Yuridik universitetida tarix, ona tili va chet tili tartibida imtihon bo‘ladi.
Xuddi shu fanlar ketma-ketligida yana 8 ta yo‘nalish bor. Masalan: tarix (15 barobar), sharq falsafasi va madaniyati (15), psixologiya (15), falsafa (10), milliy g‘oya (10), arxeologiya (10), tarix o‘qitish metodikasi (10).
Ko‘rib turibsizki, ushbu yo‘nalishlarning barchasida super-kontrakt TDYUUdan arzon.
Demak, yuridik universitetdan yiqilgan abituriyentlar 25 barobar (276 mln) kontrakt to‘lashni istamasa, unda men sanagan yo‘nalishlarda 82 mln. yoki 124 mln. to‘lab o‘qishi mumkin.
Yoki boshqa yo‘nalishdan yana bir misol.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Davolash ishi yo‘nalishida biologiya, kimyo va ona tilidan imtihon bo‘ladi. Super-kontrakti esa 20 barobar.
Xuddi shu fanlardan imtihon bo‘ladigan yana 37 ta yo‘nalish bor, shularning 34 tasida super-kontrakt 10 barobar. Masalan, biologiya, agronomiya, tuproqshunoslik, zooinjeneriya, veterinariya meditsinasi, dorivor o‘simliklarni yetishtirish, o‘simlikshunoslik va h.k.
Demak, TTAning Davolash ishi yo‘nalishidan yiqilganlar 202 mln super-kontrakt to‘lashni istamasa, 34 ta yo‘nalishdan birini tanlab, 82 mln to‘lab o‘qishi mumkin.
Xullas, yangi tartib mana shunaqa. Ball-mall degan gaplarni unuting.
Ushbu faylda o‘qishdan yiqilganlar super-kontrakti arzonroq qaysi yo‘nalishlarga “perevod" qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Manba: @xushnudbek