Abituriyentlar diqqatiga! Test sinovlari tartibi va ruxsatnomalar haqida muhim ma’lumotlar


Test sinovlari sanasi va smenalari

Ma’lumki, 2024-2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi.

Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etiladi:

  • 1-smena soat 08:00 da boshlanadi
  • 2-smena soat 15:00 da boshlanadi

Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelishlari talab etiladi.

Ruxsatnomalar va ishtirok etish talablari

Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda.

Test sinovlari boshlanishiga sanoqli kunlar qolganligi bois, abituriyentlardan o‘zlariga tegishli “Abituriyent ruxsatnomasi”ni yuklab olishlarini hamda chop etib qo‘yishlarini so‘raymiz.

Test sinovlarida ishtirok etish qoidalari

  • Abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, ko‘rsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi.
  • Abituriyentlarga boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.
  • Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.
  • Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

Omad tilaymiz!

Barcha abituriyentlarga test sinovlarida omad tilaymiz!