Joriy yildan 6 ta OTMda chet tili birinchi blok bo‘lgan yo‘nalishlarda abituriyentlar odatiy tarzda test emas, ijodiy imtihon topshiradi. Bu ular uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi va turli savollarni paydo qildi. Savollar – ijodiy imtihon qanday tashkil qilinishi, shaffoflik, ballar tizimi va istalgan OTMlardagi 5 ta yo‘nalish tanlovi cheklanish-cheklanmasligi bilan bog‘liq.
Bu yil chet tili asosiy fani bo‘lgan abituriyentlarni kirish imtihonlarida yangilik kutmoqda. Fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan:
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
- Samarqand davlat chet tillari instituti;
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Shuningdek:
- Toshkent davlat pedagogika universiteti;
- Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
- Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida chet tilidan test emas, tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon olinadi.
«Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga ko‘ra, imtihonni DTM o‘tkazadi. Chet tilidan milliy (CEFR) va xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyozlari saqlab qolinadi.
Kutilmagan yangilik
Bu hol chet tili bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Sababi abituriyentlarning asosiy qismi test ko‘rinishidagi imtihon uchun tayyorgarlik ko‘rishadi. Ijodiy imtihon esa odatiy testlardan farq qiladi: o‘qish, tinglab tushunish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadi. OTMlarga chet tilidan maksimal ball beradigan sertifikat bilan kiradiganlar esa ko‘p emas. O‘tgan yilgi qabulda hujjat topshirgan 948 ming nafar abituriyentdan 8 079 nafarining sertifikati DTM tomonidan tasdiqlangan va qabul qilingan edi.
Ayni o‘tgan yilgi qabulda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga 16,3 ming, Samarqand davlat chet tillari institutiga 5,9 ming, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga 4,9 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Yana 3ta pedagogika OTMlarining chet tilidan ijodiy imtihon olinadigan fakultetlariga hujjat topshiradigan abituriyentlar soni ham qo‘shilsa, anchagina kontingent hosil bo‘ladi va ular uchun qisqa muddatda ijodiy imtihonni tashkillashtirish Davlat test markaziga katta vazifa yuklaydi. Ijodiy imtihon haqida hali ko‘p narsa aniq emas, lekin e’lon qilingan yangiliklarni boricha tahlil qilishga harakat qilamiz.
Faqat 6ta OTMda ijodiy imtihon, qolganida test o‘tkaziladi
Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov ayni shu mavzuda tashkillashtirilgan ovozli chatda ma’lum qilishicha, joriy yilda faqat 6 ta OTMdagi chet tili birinchi blok bo‘lgan yo‘nalishlarda ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Qolgan OTMlarda esa chet tili birinchi fan bo‘lsa ham, abituriyentlar odatiy tartibdagi test imtihonini topshiradi.
Ijodiy imtihon faqat ingliz tili yo‘nalishlari uchun emas
Chet tilidan ijodiy imtihon faqat ingliz tiliga taalluqli emas, birinchi blogi fransuz, nemis, italyan tili bo‘lgan yo‘nalishlarda ham o‘tkaziladi.
«Agar abituriyent yuqoridagi 6 ta OTMdan biriga hujjat topshirsa va uning birinchi blogi chet tili bo‘lsa, (qaysi til bo‘lsa ham) o‘qish, tinglab tushunish, yozish va gapirish ko‘nikmalari bo‘yicha imtihon topshiradi», – dedi Sarbor Rajabov.
Ijodiy imtihon qay tartibda o‘tkaziladi?
Sardor Rajabovning qayd etishicha, chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkazilishi bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan: uning tarkibida DTM vakillari, Xorijiy tillarni rivojlantirish agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xodimlari hamda chet tilidan ijodiy imtihon olinishi belgilangan 6ta OTM rektorlari, mutaxassislari bor.
«Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishini o‘tkazib, qaror ijrosi bo‘yicha kelishib oldik. Biz imtihonni abituriyentlarga og‘ir bo‘lmaydigan tarzda o‘tkazishni o‘ylayapmiz.
Ijodiy imtihon ingliz tili darajasini aniqlash bo‘yicha DTM tomonidan o‘tkaziladigan CEFR imtihoniga o‘xshash tarzda o‘tkaziladi. Chunki chet tili bo‘yicha bizda o‘tkazilayotgan testlarning formati ham xalqaro darajaga to‘g‘ri keladi. CEFR’ning ko‘pchilik uchun qiyinchilik tug‘diradigan tarafi unda leksika va grammatikadan ham imtihon mavjud, IELTS imtihonida esa bu ko‘nikmalardan imtihon yo‘q, faqat o‘qish, tinglab tushunish, yozish va gapirish ko‘nikmalari baholanadi.
Ijodiy imtihonda ham faqat 4ta ko‘nikma sinovdan o‘tkaziladi, leksika va grammatikadan alohida imtihon olinmaydi», – deya qayd etdi Sardor Rajabov.
Ijodiy imtihon shaffofligi qanday ta’minlanadi?
Sardor Rajabovning qayd etishicha, abituriyentlarni ro‘yxatga olish tugagach, avgust oyida bo‘ladigan katta imtihongacha ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
«CEFR imtihonlarida inson faktori minimallashtirilgan darajaga olib kelingan. Yozma ishlar maxsus dasturda skanerlanadi, dastur javoblar varaqasidagi maxsus raqamni berkitadi va tegishli ekspertlarga random orqali yuboradi. Yozma ish 2 nafar ekspertga dastur orqali avtomatik yuboriladi. Masalan, Qoraqalpog‘istondagi va Andijondagi ekspertlar o‘z shaxsiy kabinetiga kirib, yozma ishni tekshiradi va baho qo‘yadi. Ularning bahosi bir-biridan keskin farq qilmasa, dastur 2ta ballni 2ga bo‘lib bahoni chiqaradi. Agar bir ekspertning bahosi ikkinchisinikidan keskin farq qilsa, unda yozma ish uchinchi ekspertga yuboriladi va uning bahosi asosida yozma ish balli chiqariladi.
Gapirish ko‘nikmasi ham to‘liq yozib olinadi va boshqa ekspertga ham yuboriladi, uning bahosi ham hisobga olinib, nomzodga ball qo‘yiladi. DTMda bu dastur yordamida bir necha yildan beri imtihon o‘tkazilyapti va hozirgi kunda respublika bo‘ylab 400dan ortiq eskspertlarimiz bor. Shuning uchun imtihon shaffofligidan shubha qilinmasa ham bo‘ladi», – dedi Rajabov.
5 ta yo‘nalish tanlovi ustida jiddiy o‘ylanyapti
«Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida kelishildiki, chet tilidan ijodiy imtihon topshirgan abituriyent katta sinovda yana bir marta test topshira olmaydi. Sababi ijodiy imtihon va testning baholash mezonlari bir-biridan farq qiladi.
Masalan, 4ta ko‘nikma bo‘yicha ijodiy imtihon topshirib, maksimal 93 balldan 70 ball to‘plagan abituriyentda test topshirib, o‘zidan ko‘proq ball olganlarga e’tiroz paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozircha jiddiy o‘ylanyapti: abituriyent faqat ijodiy imtihon o‘tkaziladigan 6 ta OTMga 5 ta tanlov qilishi mumkinmi yoki boshqa OTMlarga ham topshirish imkonini berish mumkinmi?» – deydi DTM direktori o‘rinbosari.
Uning tushuntirishicha, qoida bo‘yicha qabulda hamma bir xil mezon bo‘yicha imtihon topshirishi kerak, test va ijodiy imtihonda esa mezonlar 2 xil bo‘ladi. Shuning uchun hozircha tanlov haqida aniq aytish imkonsiz, lekin yakuniy qarorni, albatta, Qabul komissiyasi chiqaradi.
Muhim savollar
O‘tgan yildan boshlab 5 ta fandan imtihon topshirish tizimiga endigina moslasha boshlagan abituriyentlar uchun bu yil yana boshqa yangilik e’lon qilindi. Lekin imtihon bilan bog‘liq hali savolli bo‘lgan o‘rinlar bor.
- Bir necha 10 ming kontingentdagi abituriyentlar uchun imtihonni qisqa muddatda tashkil etish;
Sardor Rajabovning qayd etishicha, ijodiy imtihon abituriyentlarni ro‘yxatga olish tugagandan so‘ng, to avgustda asosiy test imtihonlari boshlangunga qadar bo‘lgan oraliq muddatda o‘tkaziladi.
Masalan, o‘tgan yili qabul 20 iyulgacha davom etgan, 5 avgustdan esa kirish imtihonlariga start berilgandi. Demak, ro‘yxatga olish tugashi va asosiy imtihon boshlanguncha bo‘lgan oraliqda taxminan 15 kunlik muddat bor. Bu qisqa muddatda ko‘pchilik uchun imtihon tashkil qilish – qiyin vazifa, sababi parallel ravishda taxminan 1 mln umumiy kontingentdagi abituriyentlar uchun ham test sinovlarini boshlashga harakatlar olib boriladi.
Bundan tashqari, tinglab tushunish ko‘nikmasidan imtihon olish uchun maxsus sharoitdagi xonalarni tayyorlash ham kerak bo‘ladi.
- Ijodiy imtihon savollarining takrorlanishi xavfi;
Juda ko‘p sonli abituriyentlar uchun yetarli darajada savollar bazasini shakllantirib ulgurish ham oson vazifa emas. Agar ularning takrorlanish xavfi paydo bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan abituriyentlarning ballariga ham ta’sir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, testologiya bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilov o‘z maqolasida ijodiy imtihonda ishlatiladigan matnlar va audio materiallar uchun mualliflik huquqi egalaridan ruxsat olish kerakligini ham eslatib o‘tgandi.
- Mandat kechikishi xavfi;
O‘tgan yilgi mandat undan oldingi yillar bilan solishtirganda ancha kech e’lon qilingandi. Bu yilgi qabulda esa ijodiy imtihon olinadigan yo‘nalishlar hisobiga kirish imtihonlarining umumiy javoblarini e’lon qilish yanada kechikishi mumkin.
- Abituriyentlarda istalgan 5ta yo‘nalishni tanlash huquqi bo‘lmasligi xavfi;
Ijodiy imtihon olinishi belgilangan 6 ta OTMdan biriga topshirayotgan abituriyentlarda o‘z yo‘nalishiga fan bloklari jihatdan mos bo‘lgan istalgan 4 ta OTMdagi yo‘nalishlarni tanlash imkoni bo‘lmasligi mumkin. Ya’ni ularning tanlov doirasi faqat shu 6 ta OTM bilan cheklanishi mumkin. Bu hozircha faqat taxmin, yakuniy qaror Qabul komissiyasi tomonidan chiqariladi, lekin har qanday vaziyatda ham abituriyentlar o‘rtasida notenglik paydo bo‘lmasligiga harakat qilinishi zarur.
- Abituriyentlarni tayyorlaydigan kadrlarga ehtiyoj mavjudligi;
DTM tomonidan chet tillaridan ijodiy imtihon o‘tkazish bo‘yicha o‘tkazilgan ovozli chatda auditoriya tomonidan «Qishloq hududlarda chet tili o‘qituvchilari, ayniqsa, ijodiy imtihonga tayyorlay oladiganlari kam. Avval kadrlar muammosi bir tarafga yechilib, keyin ijodiy imtihon bo‘lishi belgilab qo‘yilishi kerak emasmidi?» degan e’tirozlar ham bildirildi.
Yangi imtihon tizimi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Davlat test markazi bilan bog‘landik. Matbuot xizmati hozircha imtihonni qanday tashkillashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollar ustida jiddiy ishlanayotganini bildirib, tartiblar aniq bo‘lishi bilan qo‘shimcha ma’lumot berilishi haqida ma’lum qildi.
Tartib abituriyentlarni qiynamasligi va imtihon shaffofligiga ta’sir qilmasligidan umidvormiz. Hozircha abituriyentlarning ham qo‘shimcha ma’lumot olish uchun kutishdan va ijodiy imtihonga yaxshilab tayyorgarlik ko‘raverishdan boshqa yo‘li yo‘q.
Zilola G‘aybullayeva