Sherzod Shermatov 6-sinfdan a’lo bahoga o‘qigan va xulqi yaxshi bo‘lgan maktab bitiruvchilariga OTMlarga test sinovlarisiz kirishga tavsiyanoma berilishi mumkinligini ma’lum qildi. «Bolaning taqdiri nimaga faqat bir kun bilan hal bo‘lib ketishi kerak?» — dedi vazir. U tegishli mexanizm ishlab chiqilayotgani, o‘quvchining bahosini qayta o‘zgartirish va potensial korrupsiyaning oldini olish choralari ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.
2022 yildan e’tiboran 6-sinfdan a’lo bahoga o‘qigan va xulqi yaxshi bo‘lgan maktab bitiruvchilariga OTMlarga imtihonlarsiz kirishga tavsiyanoma berilishi mumkin. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
«Endi uning mexanizmini ishlab chiqish kerak. Hozir vazifa qo‘yilgan. Baribir, ko‘pchilik kirish imtihonlaridan norozi… Imtihonni ikkiga bo‘lsa bo‘ladi, uning mazmuni va boshqarish bor. Imtihonni boshqarish jarayonlarida juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Katta auditoriyalarda o‘tkazilishi, videokuzatuv va boshqalar. Lekin endi odamlar imtihonning mazmunini tushunishni boshlashdi. Oldin adolatsizlik bo‘lsa, unga hech kim e’tibor ham bermas edi…» — dedi u.
Vazir so‘zi davomida hozirda 10 mingta maktabda 6,5 mln o‘quvchi ta’lim olayotganini ta’kidlab, tavsiyanoma kimlarga berilishi mumkinligiga to‘xtaldi.
«Bolaning taqdiri nimaga faqat bir kun bilan hal bo‘lib ketishi kerak? Kelinglar, maktab bitiruvchilarining qanchadir foizini, masalan, 6-sinfdan buyog‘iga yaxshi o‘qigan, xulqi yaxshi bo‘lgan bolalarga (tavsiyanoma — tahr.) beraylik degan vazifa qo‘yildi», — dedi u.
U shuningdek, tanganing ikkinchi tomoni borligiga ham e’tibor qaratdi.
«Bu vazifaning ikkinchi tomoni — ertaga (tavsiya olgan bitiruvchilar hajmi — tahr.) juda katta foiz bo‘lib ketadigan bo‘lsa, maktabda qanday qilib potensial korrupsiyaning oldini olamiz, degan masala bor. Ertaga baholarning birdan oshib ketishining oldini qanday olamiz? Shuning uchun bu jarayonlarning hammasini ishlab chiqamiz. Mana, hozir elektron kundalik qilishimizning sababi ham elektron arxiv tursin, deyapmiz. Oxirida mana bu bolani a’lochi qilib chiqarishimiz kerak, deb baholarni tuzatib chiqa olmasligi uchun arxiv bizda tursin, deyapmiz», — dedi Sherzod Shermatov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon vaqt talab qiladi. «Buning ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganib chiqishimiz kerak. Keyingi yildan bir qismi ishga tushadi. Buni o‘rganishlar yakunida e’lon qilamiz», — dedi xalq ta’limi vaziri.
Shu yilning fevralida abituriyentlarning kirish imtihonlarida olgan ballariga maktabning so‘nggi 6 yilida olgan baholarining o‘rta arifmetik ko‘rsatkichini qo‘shish taklif etilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Unda, shuningdek, o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining so‘nggi 6 yilda barcha fanlardan olgan yillik baholarini kiritib borish uchun elektron platforma yaratilishi qayd etilgan edi.