2026/2027-o‘quv yili qabulida test topshiriqlari soni va baholash mezonlari tasdiqlandi


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan 2026/2027-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi. Mazkur mezonlar o‘tgan yilgi qabul tartibi bilan bir xil etib belgilangan.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, test sinovlari majburiy fanlar hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mutaxassislik fanlari asosida tashkil etiladi.

Majburiy fanlar

Barcha abituriyentlar uchun quyidagi 3 ta majburiy fan belgilangan:

  • Ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) — 10 ta savol

  • Matematika10 ta savol

  • O‘zbekiston tarixi10 ta savol

Mazkur blok bo‘yicha jami 30 ta test topshirig‘i taqdim etiladi va har bir savol 1,1 ball bilan baholanadi. Shunga ko‘ra, ushbu fanlar bo‘yicha eng yuqori natija 33 ballni tashkil etadi.

Mutaxassislik fanlari

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ravishda abituriyentlarga 2 ta mutaxassislik fani bo‘yicha test topshiriqlari beriladi:

  • 1-fan30 ta savol, har bir savol 3,1 ball, jami 93,0 ball

  • 2-fan30 ta savol, har bir savol 2,1 ball, jami 63,0 ball

Ushbu ikki fan bo‘yicha jami 60 ta test topshirig‘i beriladi va maksimal natija 156,0 ballni tashkil etadi.

Umumiy test yuklamasi va maksimal ball

Shunday qilib, 2026/2027-o‘quv yili qabulida abituriyentlarga:

  • 5 ta fan

  • 90 ta test topshirig‘i

taqdim etiladi.

Abituriyentlar uchun to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 189 ball etib belgilangan.