2025 yilda TATU Zarafshon fakulteti tashkil etiladi


2024-yil 12-dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-430-sonli qaroriga muvofiq, hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida malakali kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon shahrida yangi fakultetini ochish rejalashtirilgan.

Shu asosda, 2025-yil 6-may kuni TATU rektori B. Maxkamov boshchiligidagi ishchi guruh Zarafshon shahriga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya Zarafshon shahar hokimi N. Rahmonov va hokimlik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

  • TATU Zarafshon fakulteti uchun ajratilgan binoni kapital ta’mirlash;

  • Talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish;

  • Yotoqxona va yashash joylari bilan ta’minlash;

  • Amaliyot bazalarini shakllantirish.

Shuningdek, delegatsiya Zarafshondagi ITga ixtisoslashgan 14-sonli maktab va texnikum faoliyati bilan tanishdi. U yerda mavjud zamonaviy infratuzilma, o‘quv-uslubiy bazalar va yoshlarning axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishi o‘rganildi.

Uchrashuv yakunida:

  • Hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan asosiy yo‘nalishlar aniq belgilandi;

  • TATU Zarafshon fakultetining faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli rejalar ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: Zarafshon fakultetiga talabalarni qabul qilish 2025–2026 o‘quv yilidan boshlanishi rejalashtirilgan.