2018-2019 yildan Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga kirish imtihonlari bekor qilinadi


O‘zbekiston IIV akademiyasi kelgusi o‘quv yilidan boshlab, talabalarni kirish imtihonisiz maxsus professional sinov va suhbat asosida qabul qiladi. Bu Prezident tomonidan 16-avgustda imzolangan qarorda belgilandi, deb xabar qiladi UZ24.

Bundan buyon IIV Akademiyasida o‘qish muddati uch yilni tashkil qiladi. Talabalarga stipendiya beriladi va moddiy ta’minlanadi. Kelajakda uch yildan ortiq xizmat faoliyati o‘tayotgan xodimlar uchun o‘qishning sirtqi shakli ham kiritiladi. O‘qishning bunday shakli 4 yillik bo‘ladi. Oliy ma’lumotli xodimlar uchun sirtqi ta’lim uch yillik bo‘lib, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Akademiyada olingan oliy ta’lim magistr darajasiga tenglashtiriladi. Kunduzgi bo‘limga 600 nafar va sirtqi bo‘limga 200 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Akademiyada qo‘shimcha tartibda Chet tillari kursi, pedagoglar tayyorlov kursi va ilmiy-amaliy izlanishlar markazi tashkil qilinadi. Shuningdek, respublikadagi bir necha litsey va kollejlar IIB akademiyasi otalig‘iga olinadi va u yerda o‘quvchilar Akademiyaga kirishga chuqurlashtirilgan tayyorlovdan o‘tishadi. Bunday litseylarga qabul IIV kvotalariga ko‘ra tanlov asosida amalga oshiriladi.

2020/2021-o‘quv yillaridan boshlab IIB Akademiyasiga faqat IIVga taalluqli bo‘lgan litseylar bitiruvchilari hamda IIB xodimlari qabul qilinadi. IIV litseylari bitiruvchilariga Harbiy-texnik instituti va Yong‘in xavfsizligi institutiga kirishda olingan baliga, maksimal balning 10% miqdorida qo‘shimcha imtiyoz bali beriladi. Bundan tashqari litsey bitiruvchilari IIB Akademiyasi, Harbiy-texnik yoki Yong‘in xavfsizligi institutlariga kira olmagan taqdirda, ularga IIBga ishga joylashishda imtiyoz beriladi. Shuningdek, Akademiyada yetakchi xorijiy tajriba asosida vaziyatlar poligoni va modellashtirish markazi quriladi. 2018-yilning 1-sentabridan boshlab IIB xodimlarini masofadan turib o‘qitish tajribasi qo‘llanila boshlaydi.