Hukumat qarori bilan Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga muvofiq, abituriyentlar ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan oliy ta'lim muassasalariga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hujjat topshirishi mumkin. Ushbu oliy o‘quv yurtlari ro‘yxati haqida 5 kunlik muddatda taklif Davlat komissiyasiga kiritilishi lozim, deb yozadi Kun.uz.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan hujjatlar 15 iyundan 15 iyulgacha abituriyentlarning doimiy ro‘yxatda turgan joyidan qat'i nazar qabul qilinadi. Boshqa oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.
Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z Telegram-kanalida O‘zbekistonda qabul kvotalari qachon e'lon qilinishi bo‘yicha savolni o‘rtaga tashladi.
«Kelasi haftadan, ya'ni 15 iyundan boshlab, butun respublika bo‘ylab OTMlarga qabul jarayonlari boshlanishi kerak.
Ammo shunday bo‘lsa-da, joriy yilgi qabul kvotalari hozircha tasdiqlanmadi. Vaholanki, qaysi OTM qaysi yo‘nalishga nechta talaba qabul qilishi aniq bo‘lmasdan turib, qabul jarayonlari boshlanmasligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ya'ni mabodo qabul kvotalari o‘z vaqtida tasdiqlanmasa, unda 15 iyun kelgan bo‘lsa ham, abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmaydi, qaror chiqqungacha kutiladi.
1998 yildan buyon tahlil qilib ko‘rsak, bunday holat 4 marta ro‘y bergan. 2004, 2011, 2014 va 2015 yillarda qabul kvotalari kech tasdiqlangan va shu sababli qabul jarayonlari qonunchilikda belgilangan muddatlardan kechikib boshlangan.
Eng rekord darajada kech tasdiqlangan qabul kvotalari 2011 yilda kuzatilgan. O‘shanda tegishli qaror Prezident tomonidan 4 iyul kuni imzolangan hamda 20 iyunda boshlanishi kerak bo‘lgan qabul jarayonlariga 2 hafta kechikib start berilgan.
Aytgancha, o‘tgan yili ham bitta OTM uchun qabul jarayonining kechikib boshlanish holati kuzatildi. Aniqrog‘i Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining qabul kvotalari qolgan OTMlarnikidan kechroq – 21 iyun kuni tasdiqlandi va ushbu OTMda qabul qonunchilikda belgilangandan 1 hafta kechikib boshlandi.
Joriy yilgi qabul kvotalari qachon tasdiqlanishi hozircha ma'lum emas», deyiladi xabarda.
Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, 2005 yildan boshlab qabul kvotalari Prezident qarori bilan tasdiqlanadi. Ungacha esa Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan.
Quyida esa turli o‘quv yillarida qabul kvotalari qaysi sanada tasdiqlangani va bakalavriat uchun qabul kvotalarining soni haqidagi ma'lumot bilan tanishishingiz mumkin:
2018/19 o‘quv yili — 4 iyun (qabul kvotasi soni: 69.200)
2017/18 — 5 may (66.316);
2016/17 — 26 may (57.907);
2015/16 — 23 iyun (57.907);
2014/15 — 26 iyun (57.907);
2013/14 — 11 iyun (56.607);
2012/13 — 7 may (56.607);
2011/12 — 4 iyul (56.607);
2010/11 — 28 may (56.607);
2009/10 — 4 iyun (57.305);
2008/09 — 19 may (58.000);
2007/08 — 30 may (51.604);
2006/07 — 2 iyun (51.604);
2005/06 — 2 iyun (51.175);
2004/05 — 24 iyun (51.175);
2003/04 — 14 iyun (51.100);
2002/03 — 4 iyun (51.100);
2001/02 — 12 iyun (49.500);
2000/01 — 8 iyun (49.500);
1999/2000 — 2 iyun (43.653);
1998/99 — 25 may (42.000).
Izoh: qabul kvotalari soni qo‘shimcha qabullar va o‘zgarishlar evaziga ko‘rsatilgan raqamlardan ko‘proqni tashkil qilgan bo‘lishi mumkin.