1 avgust imtihonida bo‘ladigan “o‘yin”larga munosabat bildirildi


Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun davlat imtihonlariga ham oz fursat qoldi. Haqiqatni gapiradigan bo‘lsak, bu aksari insonlar uchun umr yo‘llarida uchrayotgan katta burilishdir. Talaba bo‘lish niyati tinchlik bermay kelayotgan yoshlar bugun katta hayajonda. Ammo bu maqsad yo‘lida qing‘irliklarga qo‘l urayotganlar ham, afsuski topiladi. Imtihonlarga yashirin ravishda telefon, shpargalka va yana shunga o‘xshash narsalar olib kirib, boshqalarga ziyon berish holatlari kuzatiladi. Muqaddas Islom dinida bu ishlarga qanday baho berilgan? O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo hay’ati bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Assalomu alaykum. Bunday ishlarni qilish haromdir! Bu ish odamlarni aldashdir! Bu kelajak poydevoriga bolta urishdir! Bu ish millat istiqboliga aniq xiyonatdir! Bu ishga qo‘l urayotgan, yo‘l ochib berayotgan, birovni o‘rniga imtihonga kirib, mo‘may pul evaziga layoqatsiz abituriyentning testi javobini yozib berayotgan barcha-barcha kimsalar kelajak uchun buyuk kadrlarni emas, balki jamiyat taraqqiyot yo‘liga, istiqboliga yuk bo‘luvchi shaxslarni yetishtirayotgan bo‘ladilar. Bu birgina shaxs uchun qilingan xiyonat emas, butun boshli bir millatga xiyonat va aldov, deb baholanadi.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Bizni aldaganlar bizdan emaslar", deb bunday aldoqchi-firibgarlar ummati Muhammadiyya qatoridan joy olmasliklarini ta’kidlaganlar. Shu ishlarga chek qo‘yilsa, ilm o‘rganganlar imtihondan o‘tadi, ilmga rag‘bat ortadi, bilimlilar safi kengayadi. Odamlarni fikri to‘g‘irlanib, ilm imtihonda asosiy mezon ekaniga ishonchi ortib, haqiqiy yetuk kadrlar har qachon ustun ekaniga amin bo‘lib, yana ilmga astoydil bel bog‘lab, farzandlarini kitobga qaytaradilar!. Aksincha, hiyla-nayranglarga yo‘l berilsa, kitob ochilmaydi, ilm qadrsizlanib, olimlar soni kamayadi, qoloqlik sari yuz tutiladi".

Manba: kun.uz