O‘zbekistonda kontrakt to‘lovi 1,5 million so‘mlik «Kelajak universiteti» ochilishi mumkin


Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekistonda masofaviy oliy ta’lim muassasasi — «Kelajak universiteti» yaratish masalasida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Yulbarsxon Mansurov, AQShning «UdacityX» masofadan o‘qitish muassasasi direktori prof. Robert Danbar, Niderlandiyaning «MOOC Iversity» ta’lim muassasasi rahbari Deniel Zaretskiy, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining bir qator mas’ullari qatnashdilar.

Foto: Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda masofadan o‘qitiladigan oliy ta’lim muassasasi — «Kelajak universiteti» quyidagi xorijiy investorlar ishtirokida ochilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • CityU MOOK (Gonkong) – Gonkong shahar universiteti (1984-y.), hukumat tomonidan moliyalashtiriladi, 4 ta kollej, 3 ta maktab, 50 dan ortiq bakalavriat dasturlariga ega. Jahon universitetlarining «Quacquarelli Symonds» reytingida 49-o‘rinni, Osiyo universitetlarining «QS Asian University» reytingida 8-o‘rinni egallaydi.
  • UdacityX (AQSh) – tijorat ta’lim tashkiloti, ommaviy tarzda onlayn kurslar tashkil qiladi, 12 ta to‘liq (pulli) va 26 ta bepul kurslarida 1,6 mln. foydalanuvchilarga ega.
  • MOOC Iversity (Niderlandiya) – «onlayn» oliy ta’lim platformasi, 2013-yildan 41 nafar yetakchi Yevropa OTMlarini birlashtirib kelmoqda, onlayn-kurslar va leksiyalar taqdim etadi, 63 ta kursda ta’lim oladigan 600 mingta foydalanuvchisi bor.
  • Open Polytechnics (Yangi Zelandiya) – Yangi Zelandiyadagi masofadan o‘qitish bo‘yicha yetakchi provayder, 100 tadan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha 1,2 mingta kurslarga ega.

Loyiha doirasida oliy ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini va texnikalarni joriy qilish nazarda tutilgan. Buning uchun elektron axborotlarni va ta’lim resurslarini (o‘zbek va rus tillariga tarjima qilingan) o‘z ichiga olgan hamda talabalar (yiliga 50 ming nafar atrofida) tomonidan ta’lim dasturlarini, ularning qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, o‘zlashtirishlarini ta’minlaydigan elektron axborot-ta’lim muhitining ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratish talab etiladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yili yurtimizda 663 ming abituriyent OTMga ariza topshirgan, ulardan atigi 57,9 ming nafari o‘qishga kirgan (bu istovchilarning 9 foizini tashkil etadi). Bu ko‘rsatkich Janubiy Koreyada 93 foizni, AQShda 85 foizni, Eronda 71 foizni, Germaniyada 68 foizni, Tojikistonda 28 foizni, Ozarbayjonda 25 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, talabalarni yotoqxonalar bilan qamrab olish darajasi ham anchayin past. Aksariyat OTMlarning poytaxtimizda joylashganini inobatga olsak, 73,4 mingta talaba ijaraga turishga majbur. «Kelajak universiteti»ning ochilishi esa, o‘z navbatida, bu muammoni ham inobatga olgan bo‘lib, hududlarda zarur uskunalar, kompyuter va boshqa texnikalar, internetga kirish tizimi bilan jihozlangan filiallarining ochilishi nazarda tutilgan.

Universitetning bosh idorasida va filiallarida talabaning shaxsini tekshirish va imtihonlarni topshirish tartibini nazorat qilishni ta’minlagan holda attestatsiya imtihonlari o‘tkaziladi. Bunda Yangi Zelandiyada necha yillar davomida tajribada sinalgan tizim joriy etiladi.

O‘qishga kirish ochiq va shaffoflik tamoyillarga asoslangan holda amalga oshiriladi, talabalar sonining maqbul darajasi shakllanguniga qadar birinchi yillari imtihon ham topshirilmaydi.

O‘qish uchun to‘lov 1,5 million so‘m atrofida bo‘lishi muhokama qilinmoqda. Davlat OTMlarining kontrakt to‘lovlari bu miqdordan bir necha baravar yuqoriligi e’tiborga molikdir.

Manba: xabar.uz