Yangi O‘zbekiston universitetiga germaniyalik professor rektor sifatida tanlangani ma’lum qilindi


So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, 2021-yilda 182 ming nafar yosh uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu haqda 30-iyun kuni Botanika bog‘ida o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘z yuritdi.

“Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Shuningdek, keyingi 5 yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yosh uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu umumiy qamrov 28 foizga yetdi deganidir. Vaholanki, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.

Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tiborimiz namunasidir", — dedi Prezident.

Davlat rahbari yaqinda tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti haqida ham gapirdi.

“Mana, kuni kecha mamlakatimizda yana bir oliy ta’lim maskani — Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil etildi va unga ko‘p yillar Yevropadagi eng nufuzli universitetlardan birini boshqargan germaniyalik taniqli professor rektor sifatida tanlandi.

Dunyoning yetakchi o‘quv va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan ushbu universitetga joriy yilda 300 nafar yosh qabul qilinadi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.