Diplomlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadigan xorijiy OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi


O‘zbekistonda diplomlari to‘g‘ridan to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabar bermoqda.

Inspeksiya hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 14 fevraldagi qo‘shma qarori bilan xalqaro tan olingan Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kiritilgan oliy ta’lim muassasalarining 2022 yil uchun ro‘yxati tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida"gi qaroriga muvofiq, ushbu ro‘yxatga kiritilgan, ya’ni xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (QS, THE, ARWU) reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatidan joy olgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida olingan diplomlar to‘g‘ridan to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi.

Oliy ta’lim muassasalarining to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab ayrim OTMlarning fanlar majmuasida chet tili birinchi fan bo‘lganda ijodiy imtihon topshirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi xabar berilgandi.

2024 yildan boshlab chet tili majburiy fanlar blokiga kiritiladi. Hozircha majburiy fanlar blokida 3ta fan: ona tili, tarix va matematika bor.