Davlat test markazi yana bir sudda yutqazdi: Abituriyentning talabaga aylanishi nega paysalga solinmoqda?


Jizzaxlik abituriyent Davron Tursunov kirish imtihonida o‘zining talabaga aylanishiga to‘siq bo‘lgan xatolik tufayli Davlat test markazini sudga berib, bu sudda yutib chiqdi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.

Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 1-sonli akademik litseyda tahsil olgan Davron Ulug‘bek o‘g‘li Tursunov 2018 yilning yozida Toshkent tibbiyot pediatriya institutiga hujjat topshirib, avgust oyida imtihonga kirgandi.

U sinov natijalari bo‘yicha 136,4 ball to‘plagan, kirish balli esa 138,8 bo‘lgani tufayli talabalikka qabul qilinmagan. Shundan so‘ng, u Davlat test markazining apellyatsiya komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Davron Tursunov savollar kitobining biologiya fani bo‘yicha berilgan 57-savoli yuzasidan e'tiroz bildirgan.

Savol mazmuni esa quyidagicha: «oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suv o‘tlari bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasasi 32 kg bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste'mol qilgan oziqning umumiy biomassasini (kg) aniqlang».

A) 35520

V) 28000

S) 35552

D) 12832

Davron Tursunov «A» variantni to‘g‘ri deb hisoblasa, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi esa «C» variantni to‘g‘ri deb hisoblagan.

Shundan so‘ng, Davron Tursunov Yunusobod tuman ma'muriy sudiga Davlat test markazi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan shikoyat qiladi. Ma'muriy ish 2018 yilning 10 dekabr kuni Toshkent shahar Yunusobod ma'muriy sudi sudyasi S.Kuchkarov raisligida arizachi, uning advokati B.Xamroqulov va Davlat test markazi vakillari ishni ko‘rib chiqiladi.

Sud tomonidan arizachining vajlarini tekshirish maqsadida mutaxassislar jalb qilinadi. Ularning aksariyati abituriyent tomonidan berilgan javob to‘g‘riligini ma'lum qilishadi.

Shuningdek, arizachining advokati sudgacha bir nechta oliy ta'lim muassasalariga so‘rovnoma yuborgan. Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali, Buxoro davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali, Qarshi davlat universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti va boshqa oliy o‘quv yurtlari shunday javob bergan: oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suvo‘tlar bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasi 32 kg bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste'mol qilgan oziqning umumiy biomassasi 35520 kg.ni tashkil qiladi.

Ozuqa zanjiridagi barcha komponentlarning umumiy biomassasi 35552 kg bo‘lishi, ular iste'mol qilgan oziqning umumiy biomassasi 35520 kg bo‘lishi, sababi uchinchi tartib konsument vidra bu oziq zanjiridagi organizmlarga oziq bo‘lmasligi, shuning uchun uning biomassasi, ya'ni 32 kg ozuqa zanjiridagi komponentlar iste'mol qilgan umumiy biomassasiga qo‘shilmasligi ta'kidlangan.

Abituriyent sudda yutib chiqadi. U shu xato tufayli yo‘qotgan 3,1 ball (Toshkent tibbiyot pediatriya institutining davolash fakultetiga kirishda biologiya fani «1-blok» savollari turkumidan bo‘lib, to‘g‘ri javobga 3,1 ball beriladi) aslida u jami 139,5 ball to‘plab talabaga aylanishini ta'minlashi kerak edi.

Biroq, Davlat test markazi xatosini tan olish o‘rniga Toshkent shahar ma'muriy sudiga kassatsiya shikoyati beradi. Ish 2019 yilning 27 fevral kuni Toshkent shahar ma'muriy sudida raislik qiluvchi N.Usmanova, sud'yalar D.Jurayev va I.Mirzayevadan iborat tarkibdagi hay'atda ko‘rib chiqiladi.

Taraflar fikrlari turlicha bo‘lgani sabab ish yuzasidan komission sud-ekspertizasi tayinlanadi. Uni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi zimmasiga yuklatiladi. Akademiyaning 2019 yil 8 fevraldagi xulosasiga ko‘ra, abituriyent testga to‘g‘ri javob bergan deb topiladi va Davlat test markazining apellyatsiya shikoyati rad etiladi.

Davlat test markaziga abituriyentning javobini to‘g‘ri deb hisoblash, amaldagi tartib bo‘yicha baholab, Toshkent tibbiyot pediatriya institutiga talabalikka tavsiya etish majburiyati yuklatiladi.

Qayd etish kerakki, bu Davlat test markazi imtihondagi muammoli holat tufayli qisqa vaqt ichida ikkinchi bor sudda yutqazmoqda. Biroz avvalroq «Davlat test markazi sudda yutqazdi: 48 soniya kechikkan abituriyent uchun adolat tiklanadimi?» sarlavhali materialda DTM mutasaddilari buxorolik abituriyent Sarvinoz Ibragimovani «48 soniya kechikkani» vaji bilan Buxoro davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirishga yo‘l qo‘yishmagani, alaloqibat sudda adolat qaror topgani haqida bayon qilingandi.

Hozirda Davron Tursunovning qo‘lida ham O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan sud qarori bor, lekin o‘quv yili poyoniga yetib boryapti hamki, u talaba bo‘lgani yo‘q. Vaholanki, Yunusobod tumani ma'muriy sudining hal qiluv qarori o‘tgan yilning 10 dekabr sanasida chiqqan.

Davlat test markazi sud qarori asosida yuklangan majburiyatini nega bajarmayapti? Davron nega uzoq kutilgan talabalik baxtiga erishmayapti? U qanday tartibda talabalar safiga qo‘shiladi? O‘quv yili tugay deb qolganida talabalikka tasdiqlangan taqdirda ham u semestrlarni qanday o‘zlashtiradi? U sudlashib yurgan vaqtida qoldirgan darslarini qanday o‘zlashtiradi? U endi dars qoldirgani uchun talabalar safidan chetlatilishdek ahmoqona vaziyatga tushib qolmaydimi?

Yana savollar tug‘iladi. Davron Tursunov ishida ham imtihonlarda beriladigan ayrim savollar talablarga javob bermasligi ko‘rinib qoldi. Ungacha ham test sinovlaridagi kulgili savollar ko‘p uchragan. Qolaversa, Davron Tursunovga tushgan 57-savol imtihonda faqat bir unga tushmagan, DTMning bu xatosidan boshqa minglab abituriyentlar ham aziyat chekkan. Qolganlar ham to‘g‘ri javob bergan bo‘lishi va javob xato hisoblanib, ular ham muhim ballardan mosuvo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq ular sudlashmagani uchungina yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolaveradi.

Bu kabi muammoli vaziyatlarning huquqiy yechimini tegishli normativ hujjatlarda belgilash vaqti yetmadimikin?

Bu shuni ko‘rsatadiki, Davlat test markazi faoliyatida islohotlarga muhtoj holatlar (jarayonlar) mavjud.

P.S. Hurmatli abituriyentlar! Agar sizda ham shunga o‘xshash holatlar yuzaga kelsa, ikkilanmay sudga murojaat qiling. Mehnatingiz natijasi uchun oxirigacha kurashing.

 Zafarbek Solijonov