Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil etildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni Yangi O‘zbekiston universitetida ta'lim jarayonini tashkil etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Har bir mamlakatning taraqqiyotini, kelajagini bilimli va aqlli odamlar ta'minlaydi. Barcha sohalarda o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan O‘zbekistonda ta'lim sifatiga, bilimli kadrlarni tarbiyalashga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda.

Barcha hududlarda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bu yoshlarning bilim va salohiyatini aniqlash, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish bilan birga xalqimiz orasida katta intilish to‘lqinini ham paydo qildi.

Davlat rahbari bilimli yoshlarni mamlakatimizning “oltin fondi" deb atagan edi. Bu yil ana shunday yoshlarning yangi avlodi maktablarni bitirmoqda. Endi ularni yurtimizda o‘qitish, yoshlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston universitetiga asos solinmoqda.


Bu universitet davlat oliy ta'lim muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari – nufuzli xorijiy o‘quv yurtlarining ta'lim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakalarga ega bo‘lgan istiqbolli kadrlar tayyorlash, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, buning uchun har tomonlama qulay muhitni shakllantirishdir.

Shu maqsadda yangi universitetda ta'lim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Masalan, Kembrij universiteti qabul imtihonlarini o‘tkazadi. Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ular ta'lim sifatini nazorat qilish, laboratoriya va kutubxonalarni to‘ldirishga ko‘maklashadi.

Universitetda 5ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, o‘qish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Ushbu ta'lim maskanining o‘quv binosi va kampuslari ham zamonaviy, xalqaro BReEAM sertifikatlariga mos bo‘ladi. Ilk o‘quv yili shu yil sentyabrdan boshlanadi. Yangi bino qurilguncha darslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bo‘sh binolarida vaqtinchalik o‘tib turiladi.


Iqtisodiyot tarmoqlaridagi ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish ham universitetning asosiy vazifalaridan. Shu maqsadda dunyoning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, ilmiy jurnal ta'sis etiladi.

Davlatimiz rahbari universitetda qabul va ta'lim jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Universitet talabalari 1-kursdan o‘z sohasi bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlari va ilmiy markazlarga biriktirilishi kerak. Vazirliklar, nufuzli institut va yirik kompaniyalar universitetning vasiylik kengashiga kirishi muhim. Ular o‘z ehtiyojlarini bildirib, ta'lim jarayoniga integratsiyalashishi, bo‘lg‘usi mutaxassisga oldindan sarmoya kiritishi zarur», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident belgilangan chora-tadbirlarni ma'qullab, Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etishga oid qarorni imzoladi.

Taqdimotda, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.