Xotin-qizlar uchun grantlar. Qay biriga eshik: imkoniyatlarmi yo korrupsiya?


Shu yildan boshlab oliy ta'lim muassasalariga xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish tartibi joriy etildi. Bu boradagi davlat grantini taqdim etish mexanizmi esa jamoatchilik orasida turli fikr va mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.

Xotin-qizlarning OTMlarga kirishlari uchun imtiyozli 4 foizlik davlat granti ajratilishi quvonchli xabar bo‘ldi. Bu yil ushbu 4 foizlik kvota – 940ta imtiyozli grant demakdir.

Davlat dasturi ijrosi doirasida «Oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga hududlar kesimida ishchi guruh tuzib, grantlarga munosib nomzodlarni saralab olish vakolati berildi.

Xotin-qizlar ta'limiga ahamiyat berilishi yaxshi. Ammo grantlarga munosib nomzodlarni saralab olish tizimi qanchalik oqilona ishlab chiqilgan? Saralash bosqichlari shaffofligi qay tarzda ta'minlanadi? Savollar ko‘p. Bu borada jamoatchilik vakillari va tegishli tashkilot mas'ullari o‘z fikrlarini bildirishdi.

«Tavsiyanoma tartibini ko‘rib, turli eshiklar oldida sarg‘ayib turgan ayollar ko‘z oldimga keldi»

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram`dagi kanalida masalaga quyidagicha munosabat bildirdi:

«Aksariyat insonlar xotin-qizlarga beriladigan grantlar tartibidan norozi. Ularning shikoyatida esa jon bor. Sababi xotin-qizlarga tavsiyanoma berish tartibini ko‘rib, ko‘z oldimga hech kimga kerak bo‘lmaydigan bir dunyo qog‘oz, tonnalab ma'lumotnomalar, turli eshiklar tagida sarg‘ayib turgan ayollar keldi. Tartib bo‘yicha bir qancha savollarim bor.

Birinchidan, hujjatlar 10 iyulgacha qabul qilinadi, deyilgan. Lekin nomzodlarning hujjatlarini tumanlar 8 iyulgacha viloyatga, viloyatlar esa 10 iyulgacha vazirlikka berishi kerak ekan. Iya, unaqada 8-9-10 iyul kunlari tumanga hujjat topshirgan xotin-qizlar taqdiri nima bo‘ladi? Nega muddatlarda bunaqa betartiblikka yo‘l qo‘yilgan?

Ikkinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlardan ma'lumotnoma, obektivka nega kerak? Nima, ular biror davlat tashkilotiga ishga kirayotganmidiki (qonun bo‘yicha aslida ishga kirishda ham obektivka so‘rash mumkin emas), obektivka so‘ralyapti? Chekka qishloqdagi sodda opa-singillarimiz obektivkani, uni to‘ldirish tartibini qayoqdan bilsin? Va uni to‘ldirish uchun sharoit (kompyuter, printer, elektr) bor deysizmi? Xo‘p, imkon bor ham deylik, o‘zi bunaqa ortiqcha hujjatdan kimga nima foyda?

Uchinchidan, nima uchun xotin-qizlardan maktab, litsey yoki kollejdan ma'lumotnoma talab qilinyapti? Diplomini ko‘rsatsa yoki nusxa bersa yetmaydimi? Maktab yoki kollejni 10-15 yillar oldin tugatgan opalarimiz ham tavsiyanoma olaman desa, endi arxivma-arxiv sarson bo‘lishi kerakmi? Yoki yaqindagina kollejni tugatgan bo‘lsa-yu, lekin u kollej yopilib ketgan bo‘lsa-chi, unda nima qiladi? Axir yurtimiz bo‘ylab ozmuncha kollejlar yopilmadimi?

Yoki eng asosiysi, hozir yoz oyi bo‘lsa, hamma ta'tilga chiqib ketgan, ma'lumotnoma olish uchun maktab yoki kollej ma'muriyatini qayerdan topib kelishadi? U ma'lumotnoma mazmuni qanday bo‘ladi? Nega bu haqda biror joyda batafsil ma'lumot e'lon qilinmadi?

To‘rtinchidan, hozir karantin davri. Bundan tashqari, qog‘oz koronavirus infeksiyasini tashuvchi eng katta vositalardan biri ekani aytilayotgan bir paytda, nima uchun bir dunyo keraksiz hujjatlar talab qilinyapti? Axir bu salomatlik uchun ham xavfli-ku.

Nega tanlov sifatida imkoniyati borlarga onlayn ariza berish usuli yaratilmadi? Buning uchun yuz millionlab mablag‘ sarflab, yangi sayt qilish shartmas, oddiy Google Forms orqali ham masalani tekin hal qilsa bo‘ladi. Faqat buning uchun ozgina zamonaviy fikrlash kerak, SSSRdan qolib ketgan obektivka-yu, byurokratiyani bir daqiqa unutib turish lozim.

Xullas, savollar bisyor. Javob esa hozircha yo‘q. Men hali bu tizimning korrupsion jihatlari haqida lom-mim demayapman. Tavsiyanoma berish uchun birorta asos yo‘q bo‘lgan minglab shaxslar ham tavsiyanoma olishi ehtimoli katta. Mayli, bunga baribir chek qo‘ya olmaydi, bu – jamiyatimizning qon-qoniga singib ketgan «qadriyat». Lekin hech bo‘lmasa tavsiyanoma berish tartibini sal tartibga keltirishsa yaxshi bo‘lardi».

Shuningdek, Xushnudbek Xudoyberdiyev tavsiyanoma berishda mahalla raislari bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishini ta'kidlab o‘tgan.

«Beriladigan imtiyozlar tufayli odamlar qonunlarni «aylanib» o‘tishyapti»

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani moliya bo‘limi Maqsadli davlat dasturlarini monitoring qilish bo‘yicha mudir o‘rinbosari – sho‘'ba mudiri, ishchi guruh a'zosi Xushbaxt Hamroqulov:

«Umuman olganda, imtiyozlarni bekor qilish tarafdoriman. Shu imtiyoz tufayli odamlar qonunlarni chetlab, «aylanib» o‘tadi, chunki alohida imtiyozlilar boshqalar bilan baravar raqobat qilishmaydi. Natijada, jamiyatda ishonchsizlik ortib boraveradi. Bu alohida mavzu.

Endi xotin-qizlarga ajratiladigan 940ta grant haqida gaplashsak. Birinchidan, nizomga ko‘ra, xotin-qizlarni saralab olishda eng birinchi toifa kam ta'minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlardir. Bizga ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar ham hujjatini olib kelyapti. Ularga «kam ta'minlangan oila» va «ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol»ni ikki xil tushuncha ekanini tushuntiryapman. Kam ta'minlangan oila nafaqa oladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila esa mahallada ro‘yxatda turadi.

Nomzodlar mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj degan hujjat olib kelishyapti. Aslida, ular 2 xil tushuncha. Huqushunos bo‘lganim uchun ikkalasini farqiga boraman va shunaqa hujjat olib kelganlarni qaytarib yuboryapman. Lekin boshqa hududlarda-chi? Ikkala tushuncha aralashib ketmasligiga kim kafolat beradi? Demak, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar ham mahallasidan hujjat olishi ehtimoli juda yuqori.

Ikkinchidan, to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan qizlar, ya'ni otasi yoki onasi vafot etgan qizlar toifasi juda chalkash. Murojaat qilayotgan ba'zi qizlarning ota-onasi ajrashgan, ancha yillardan beri aliment to‘lamaydi. Boshqacha olib qaraganda, ularning oilasi ham to‘liq emas. Biz ularning ham arizasini qaytarib yuboryapmiz. Chunki ularning ota-onasi vafot etmagan. Normativ hujjatda ushbu toifaga yanada aniqlik kiritish kerak, deb o‘ylayman.

Uchinchidan, shaxsiy uy-joyi yo‘q, ijarada yashayotgan oilalar qizlari toifasiga to‘xtalsak. Tumanimizda o‘ziga to‘q oilalar bor. Ular Toshkentda uy sotib ololmaydi, shuning uchun qizlari ijarada yashaydi. O‘sha qizlarning o‘z nomida uy yo‘q. Bizga ijara shartnomasini olib kelishyapti. Ularni qabul qilishga majburmiz. Vaholanki, bunday oilalar qizlarini o‘qitishga sharoiti yetarli.

To‘rtinchidan, ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazida hisobda turganlar toifasida esa, karantin davrida ko‘pchilik ishidan ayrilgan, lekin amalda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi va iqtisodiy jihatdan imkoniyatlari keng. Lekin, ayrim shu kabi oila farzandlari ota-onam hech qayerda ishlamaydi, deyapti. Ularga ota-onangizdan biri yoki ikkisi bandlikka ko‘maklashish markazlarida (BKM) ishsiz yoki ish qidirayotgan, deb ro‘yxatda turgan bo‘lishi kerak, desak, o‘sha kunning o‘zida BKMdan shunaqa hujjat olib kelib bermoqda. Bunday oilalar sharoitini bilsak-da, nizom talabidan tashqariga chiqolmay, hujjatlarni qabul qilishga majbur bo‘lyapmiz.

Hujjatlar orasida o‘qish joyidan ma'lumotnoma ham so‘ralgan. Bu yil ushbu talab istisno tariqasida bekor qilindi. Keyingi yildan boshlab nomzod ma'lumotnoma taqdim etishi kerak. Masalan, Surxondaryo viloyatida yashaydigan qiz Toshkentdagi kollej/litseyda o‘qigan. U o‘qish joyidan ma'lumotnoma olib kelish uchun shuncha masofa yurib, vaqtini, pulini sarflashi qanchalik to‘g‘ri?»

Vazirlik: «Tavsiyanoma berish tartibini ishlab chiqish uchun qisqa muddat berilganini hisobga olish kerak»

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas'ul xodimi xotin-qizlarga ajratiladigan grantlar bo‘yicha ayrim muhim savollarga javob berdi.

O‘qish joyidan ma'lumotnoma. Qarorda belgilangan tartibga ko‘ra, keyingi yillardan umumiy o‘rta ta'lim maktabining 11-sinflari hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan qizlarga nisbatan amaliyotga tatbiq etiladi. Avvalgi yillari o‘qishni tamomlagan talabgor xotin-qizlar maktab, kollej yoki litseyni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat nusxasini topshiradilar. Qarordagi ushbu tartibga aniqlik (o‘zgartirish) kiritish bo‘yicha vazirlik o‘z taklifini beradi.

Bu yil grant uchun tavsiyanomalar qabul qilish bitiruvchilarning ta'lim muassasalarini tamomlaganidan so‘ng boshlanganini, demak, hammaning qo‘lida ta'limni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat borligi uchun qo‘lida ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat bor talabgor qizlar maktab, kollej yoki litseyni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat nusxasini topshirishi kifoya.

Talab etiladigan hujjatlarni optimallashtirish. Joriy yilda hujjatlarni qabul qilishda vaqt qisqaligi sababli karantin qoidalariga rioya etgan holda an'anaviy usuldan foydalanilmoqda. Vazirlik keyingi yillardan hujjatlar sonini optimallashtirish va bu jarayonlarni onlayn formatga o‘tkazish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi. Albatta, tavsiyanoma berish tizimi yangi va joriy yil juda qisqa muddatda amaliyotga tatbiq etilayotgani, jarayon operativ ishlar tashkil qilinganini ham hisobga olish kerak bo‘ladi.

Ishchi guruh vazifasi. Ishchi guruhlar talabgorlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalar tayyorlashda, yakuniy xulosalar asosida tavsiyanoma olishga loyiq, deb topilgan xotin-qizlarning ro‘yxatini shakllantirish, bayonnomalarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanishadi. Shu bilan birga, talabgorlarning hujjatlari joriy yilning 10 iyul kunida ham qabul qilinadi. Ishchi guruhi Nizom talablari, ya'ni belgilangan mezonlar asosida talabgorlar hujjatlarini qabul qilish, tavsiyanomani berish bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va tavsiyanomani yetkazib berish uchun mas'ul hisoblanadi.

Olis hududdagi xotin-qizlarga grant haqida xabar qilish. Har bir mahallada fuqarolar o‘rtasida Telegram-guruhlar tashkil etilgan va yangiliklar, axborotlar. ma'lumotlarni yetkazish hamda aholining murojaatlarini eshitish shu tizimda yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, fuqarolar yig‘inlarida fuqarolar haqida ma'lumotlar bazasi bor. Fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan imtiyozlar haqida fuqarolar boxabar qilib boriladi. Hududiy bo‘linmalarda yangi tartib haqida tushuncha berish uchun seminar tashkil etilgan, seminarlarga fuqarolar yig‘inlari raislari ham taklif etilgan.

Xulosa

Ko‘rinib turibdiki, tizimda byurokratiya darajasi yuqori. Bundan tashqari, nomzodlarni saralab olish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda korrupsiya uchun o‘z tirqishlar qoldirib ketilgani ham sir emas. Masalan, nizomda ishchi guruh a'zolari jamoatchilik asosida ishlaydi, deyilgan. O‘zining asosiy mehnat vazifalaridan tashqari moddiy rag‘bat olmagan holda mas'uliyatli va «taklif»lar bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan ishchi guruhining hamma a'zolari ham har qanday qing‘ir takliflarni rad eta oladigan darajada qat'iyatli bo‘la oladimi?

OTMlarga kirishda o‘ndan ortiq turdagi imtiyozlar bor. Ularning aksariyati bahsli, testda notenglikni keltirib chiqarishi shubhasiz. Ammo nazarimizda, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga ajratilgan grantlar borasida bunday deb bo‘lmaydi. Bu orqali jamiyatimizning chuqur ildizlarga ega muammosi – ayollar malakasi va bandligi, shu omil ortidan kelib chiquvchi boshqa ijtimoiy og‘riqlarga oz bo‘lsa-da malham bo‘lish mumkin.

Ammo ko‘zlangan maqsadga erishish uchun tanlangan yo‘lni eng to‘g‘risi deb bo‘lmaydi. Byurokratiya va korrupsiyaga yo‘l ochib qo‘yib, kutilgan natijani olishimiz dargumon.

Manba: kun.uz