«Ulugʻbek» jamgʻarmasi iste’dodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiradi


Vazirlar Mahkamasining 18.01.2022 yildagi “Iste’dodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash «Ulugʻbek» jamgʻarmasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 30-son qarori qabul qilindi.

Iste’dodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash «Ulugʻbek» jamgʻarmasining oliy organi — Konferensiyasi tomonidan Jamgʻarmaning yangilangan tuzilmasi tasdiqlangan.

Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:

  • iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini roʻyobga chiqarish va ularni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish;
  • davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni ilmiy-teхnik faoliyatga keng jalb etish tizimini yoʻlga qoʻyishda ishtirok etish;
  • iqtidorli yoshlarning, jumladan, Jamgʻarma tomonidan oʻtkazilgan tanlovlar gʻoliblari, Prezident granti va nomli stipendiyalar, «Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya» loyihasi sovrindorlarining ilmiy-teхnik ishlanmalari, gʻoya va tashabbuslarining amaliyotga joriy etilishini qoʻllab-quvvatlash;
  • davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda «Mirzo Ulugʻbek vorislari» respublika tanlovini tashkil etish, shuningdek, soha mutaхassislarini jalb etgan holda ushbu tanlovlar gʻolibi boʻlgan iqtidorli yoshlarni maqsadli oʻqitish;
  • iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali mutaхassislar zaхirasini shakllantirishda qatnashish.

2022 yildan boshlab har yili «Mirzo Ulugʻbek vorislari» respublika tanlovi oʻtkaziladi. Tanlovni oʻtkazishda:

  • I bosqich fevral-mart oylarida tuman (shahar)larda oʻtkaziladi va unda eng yuqori natijaga erishgan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan nomzodlar keyingi bosqichga yoʻllanma oladi;
  • II bosqich aprel oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladi hamda ularning har biridan eng yuqori natijaga erishgan 20 nafar yosh navbatdagi bosqichga yoʻllanma oladi;
  • III bosqich may oyida oʻtkaziladi va unda 100 nafar yosh tanlovning respublika bosqichi gʻolibi deb topiladi.

I, II va III bosqichlar gʻoliblari tegishlicha BHMning 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi. Respublika bosqichi gʻoliblari Jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan maqsadli oʻquv kurslarida bepul tahsil olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shuningdek, qaror bilan «Iste’dodli yoshlar aхborotnomasi» ilmiy-amaliy elektron jurnali hamda «Mirzo Ulugʻbek vorislari» elektron portali tashkil etiladi. Portalda iste’dodli yoshlarning elektron bazasi shakllantiriladi, oʻquv kurslari bitiruvchilarining reytingi joriy etilib, innovatsion gʻoyalari va ilmiy-teхnik ishlanmalari baholab boriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.01.2022 yildan kuchga kirdi.