OTMlarda kontrakt to‘lash muddati 20 yanvargacha uzaytirildi


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 20 yanvarga qadar uzaytirilgani haqida xabar berdi.

Davlat komissiyasi tegishli qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklariga to‘lov-kontrakt, jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2023 yilning 20 yanvari etib belgilandi.

Qaror bilan 2022 yil 10 dekabrdan keyin kontraktini to‘laganlarning to‘lovi ham inobatga olinadigan bo‘ldi.