Mas’ullar abituriyentlarga yana “syurpriz” qildi. Bu qachongacha davom etadi?


Qabulga 1,5 oy, imtihonlarga 3 oy qolganda test olinadigan fanlari o‘zgarib ketgan abituriyentlar hozir qanday yo‘l tutishni bilmayapti: ular yo boshqa yo‘nalishni tanlashga yoki imtihonda tavakkal qilishga majbur bo‘lmoqda. O‘zgarishlarning bunday kech e’lon qilinishi yillardan buyon muntazam ro‘y berib kelmoqda.

Aprel oyining oxirida Davlat qabul komissiyasining bayoni bilan OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi.

Fanlar majmuasida ko‘p yo‘nalishlarda juda katta o‘zgarish bo‘lmagani DTM tomonidan ma’lum qilindi. Ta’lim yo‘nalishlari soni – 461ta, shundan 7 foizida 2 ta fanning o‘rni o‘zgargan. Bitta fan o‘zgargan ta’lim yo‘nalishlari esa 2,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, faqatgina bitta yo‘nalish – biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida mutaxassislik fanlari butunlay o‘zgargan.

Eng ko‘p e’tiroz bildirgan abituriyentlar 2,8 foizlik o‘zgarish ichida bo‘lganlar: “Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti" yo‘nalishiga tayyorgarlik ko‘rayotganlar bo‘ldi. Ular o‘tgan yili bu yo‘nalishlarda imtihon ona tili va tarixdan bo‘lgani uchun shu fanlardan tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Biroq joriy yil uchun tasdiqlangan fanlar majmuasida tarix olib tashlanib, o‘rniga chet tilidan imtihon qo‘yilgan. Bu esa yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan abituriyentlarning kayfiyati tushishiga, norozi bo‘lishiga sabab bo‘lyapti.

“Abituriyentlar tavakkal qilyapti"

“Kutilmaganda e’lon qilingan bu yangilik abituriyentlardan tashqari ota-onalar va shu yo‘nalishda dars berayotgan repetitorlarni ham dovdiratib qo‘ydi. Fanlar majmuasi o‘zgaradigan bo‘lsa, bu yil boshidan aytilganda yoki o‘zgarish keyingi yildan amalga kiritilganda to‘g‘ri bo‘lardi. Sababi filologiya yoki o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga kamida 1-2 yil tayyorgarlik ko‘rgan yoshlarga bu qaror yomon ta’sir qildi. Ularda 3 oy bor xolos. Bu muddatda chet tilini emas, hatto ona tilini ham yaxshi o‘zlashtirib olish qiyin", deydi ona tili va adabiyot fani bo‘yicha navoiylik repetitor Anvar Bahranov.

Uning aytishicha, ayni shu yo‘nalishlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlarining 50 foizi boshqa yo‘nalishga hujjat topshirish qaroriga kelgan, qolgan yarmi esa tavakkal qilmoqchi.

“Men o‘tgan yili o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga kontrakt asosida qabul qilingandim, lekin oilaviy sharoit tufayli o‘qishni rad etib, bu yil grantga o‘qishga kirish uchun qattiq tayyorlanayotgandim. Oz vaqt qolganda fanlarning o‘zgarib ketishi menga yomon ta’sir qildi. Axir bu to‘g‘ri emas-ku", deb yozadi abituriyentlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda.

“Majburiy fanlarda ham o‘zgarishlar bo‘lib ketdi. Qarorlar shunchalik tez almashadiki, biz nimani o‘qishga ham hayron bo‘lib qolyapmiz", deb yozadi yana bir abituriyent.

Bir guruh norozi abituriyentlar ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat bilan ham chiqishdi.

Mutasaddilar uzri

Kun.uz fanlar majmuasidagi o‘zgarishlar nimalarga asoslanib kiritilganini va nega buncha kech e’lon qilingani haqida shu mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida mutasaddilarga savol bilan yuzlandi.

“Fanlar majmuasidagi o‘zgarishlar mutaxassislik OTMlar tomonidan asoslab berilgani uchun kiritiladi. Masalan, filologiyada ham chet tili tarixdan ko‘ra muhimligi asoslab berilgan. Men bu yo‘nalishda mutaxassis emasman, lekin soha mutaxassislari xorijiy til muhimligi taklifi bilan chiqishgan.

To‘g‘ri, bu yerda biroz kechikish bor: bu yashiradigan holat emas. Lekin bu yo‘nalishga hujjat topshiruvchi barcha abituriyentlar uchun sharoit bir xil. Qaysidir hududda eskicha, qaysidir OTMda yangicha emas.

Bu bo‘yicha bir nechta OTM fikrlar beradi va ular muhokama qilinadi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘zgartirish kiritish vaqt talab qiladi. To‘g‘ri, abituriyentlarga ozgina noqulaylik tug‘diryapti, ulardan uzr so‘raymiz. Abituriyentlarga qolgan vaqtini to‘la sarflab imtihonga tayyorgarlik ko‘rishlarini taklif etamiz", deya javob berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu fanlar maktabda o‘qitiladi va savollar ham to‘laligicha maktab darsliklaridan olinadi.

Javobning qisqacha mazmuni: O‘zgarish shu yo‘nalishlarda chet tili muhimligi sabab kiritilgan va bu asoslab berilgan.

Biroq yangilikdan abituriyentlar nega kech boxabar qilingani haqidagi qism ochiq. Faqatgina hamma abituriyentning imkoniyati bir xil ekani (ya’ni, kemaga tushganning joni bir) qolaversa, bu fanlar maktab davridan o‘qib kelingani uchun abituriyentlar undan qachon xabardor bo‘lishining nima ahamiyati bor, degan ma’noda javob berildi.

O‘zini oqlamagan bahonalar

Huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zgarishlarning kech e’lon qilinganini tanqid qilarkan, bu byurokratiya bilan bog‘liqligini aytdi.

“Birinchi argument, hamma abituriyent bir xil imkonga ega, ya’ni kimgadir fan o‘zgarib, kimgadir eski fan saqlab qolinmagan. Hammaga bir xil o‘zgardi.

Ha, bu gapda jon bor. Ammo aynan mana shu bir xil imkoniyatning o‘zi adolatsizlik hisoblanadi. Ya’ni avval boshqa fanga e’tiborni ko‘proq qaratib, sidqidildan o‘sha fanni o‘qigan abituriyentlar bilan, qo‘l uchida o‘qiganlarning imkoniyati deyarli tenglashib qoldi.

Ikkinchi argument, savollar faqat maktab darsligidan bo‘ladi, maktabda yaxshi o‘qigan bo‘lsa, nima muammo?

Ha, bu ham mantiqan to‘g‘ri. Ammo maktablardagi o‘qitish sifati hali talab darajasiga ko‘tarilmagan bir sharoitda, "biz istalgan payt, istalgan fanni o‘zgartira olamiz, kerak bo‘lsa o‘qigin" deyish ham unchalik to‘g‘ri emas.

Uchinchi argument, o‘zgarishlar juda kam yo‘nalishlarda bo‘ldi, e’tibor qilishga arzimaydi. Juda norozi bo‘lsa, ana, o‘zi yaxshi o‘qigan fani bo‘yicha boshqa yo‘nalishga topshirsin.

...Aniq kasbni maqsad qilgan kam sonli yoshlarning oyog‘iga bolta urib, kutilmagan o‘zgarishlar qilib, “yoqmasa, ana bor, boshqa yo‘nalishga topshir" deymiz. Bu sizlarga g‘alati ko‘rinmayaptimi, hurmatli mas’ullar?" deb yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

O‘z-o‘zini aldash

Hammaga bir xil imkon berilgani bilan abituriyentlar o‘rtasida adolat mezoni buzilayotgani haqida Xushnudbek Xudoyberdiyev to‘g‘ri yozgan. Masalan, shu paytgacha tarixni – ikkinchi fanini yaxshi o‘zlashtirib kelayotgan abituriyent bilan bu fanni shu paytgacha yaxshi o‘qimagan abituriyent bir xil sharoitda qoldi.

“Fanlarning barchasi maktablarda o‘qitiladi, shuning uchun ular hamma fanni bilishi kerak, aslida. O‘zgarishning qachon e’lon qilinishining nima ahamiyati bor?", degan javob ham o‘zini oqlamaydi. Barcha barmoqlarimiz bilan ko‘zimizni mahkam berkitib olsak ham, abituriyentlarning kirish imtihonlariga 99 foiz holatda repetitorlar ko‘magi bilan tayyorlanishini, maktab ta’limi talabga to‘la javob bermasligini ko‘rmaslik mumkin emas.

Maktab ta’limi to‘la qoniqarli emasligi haqida yaqinda xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning o‘zi ham post qoldirdi.

“Bugungi kunda respublika maktablarida 504 ming nafar o‘qituvchilarimiz faoliyat yuritadi. Ularning 280 ming nafardan ortig‘i, ya’ni 56 foiz o‘qituvchilarimizning salohiyati talab darajasida emas. Bu degani deyarli 3 mlnga yaqin o‘quvchi-bolalarda yuqori malakali o‘qituvchidan ta’lim olish imkoniyati mavjud emas", deb yozdi vazir.

Demak, 3 mln bola maktabda yaxshi ta’lim ololmaydi, masalan, ular maktabda olgan bilimi bilan ingliz tilidan kirish imtihonlarida tushadigan testni yaxshi ishlay oladigan darajada emas. Baribir alohida tayyorgarlik ko‘rishga ehtiyojlari bor.

Qolaversa, imtihonga ozgina qolganda paydo bo‘lgan tartibsizlik sabab filologiya va o‘zbek tili/adabiyoti yo‘nalishlariga shu soha mutaxassislari kutganday chet tilini biladigan, yo‘nalishni rivojlantiradigan abituriyentlar emas, balki sohaga uncha qiziqmagan yoshlar kirib qolishi ehtimoli ham bor. Buni OTMlar ham xohlamasa kerak.

Har yili har xil vaqtda: fanlar majmuasining beqaror e’lon qilinishi

OTMlarning kirish imtihonlarida test olinadigan fanlar ro‘yxati va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan ishlab chiqilishi belgilab qo‘yilgan.

Komissiyaning nizomiga ko‘ra, fanlar blokini tasdiqlash 20 iyungacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar tarkibiga kiritilgan. Biroq bu sanagacha belgilangan topshiriqlar orasida bir qancha vazifalar bor, aynan yo‘nalishlar bo‘yicha qaysi fanlardan imtihon olinishini e’lon qilishga alohida sana belgilanmagan.

Masalan, bu yil fanlar majmuasi aprel oyining oxirida e’lon qilingan bo‘lsa, o‘tgan 2021 yilda mart oyining o‘rtasida, 2020 yilda esa iyun oyida, 2019 yilda iyul oyida e’lon qilingan.

Test olinadigan fanlarning kech e’lon qilinishi abituriyentlar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda. Xuddi bu yilgi kabi ular aro yo‘lda qolib o‘zlari yoqtirmagan kasbni tanlab qo‘yishlari mumkin. Yo‘nalishlarning taxminan 10 foizida o‘zgarish bo‘lgan deb hisoblasak va o‘zgarishlar bu yil hujjat topshirishi kutilayotgan 1 mln abituriyentning taxminan 10 foiziga, 100 ming nafariga daxl qilsa ham, demak, kichkina raqamlar haqida gap ketmayapti.

Shulardan kelib chiqib:

  • fanlar majmuasini ertaroq tasdiqlash;
  • o‘zgarish bo‘ladigan yo‘nalishlar haqida oldindan ma’lumot berish (masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti 2023 yilgi qabulda fanlar majmuasi o‘zgarishi haqida 2021 yilda ma’lum qilgan);
  • Qabul komissiyasi chiqaradigan bayonlar uchun aniq dedlaynlar belgilash muhim.

Eng muhimi, hozir fanlar majmuasi o‘zgarib ikkilanib turgan abituriyentlar masalasi qaytadan o‘ylab ko‘rilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qaysidir sohalarga tavakkal qilib imtihon topshiradigan yoshlar kirib qolmasligi uchun ham bu muhim, nazarimizda.

Zilola G‘aybullayeva,

Kun.uz muxbiri