Har bir talabaga oyiga 5 gigabayt bepul internet beriladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasidagi uchrashuvda oliy ta'limga oid rejalarini aytdi.

Bugungi kunda poytaxt oliygohlarida 250 ming talaba ta'lim olmoqda. Kelgusi besh yilda bu ko‘rsatkich 2 barobarga oshadi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.
“Shundan kelib chiqib, bugungi uchrashuv o‘tkazilayotgan Yoshlar shaharchasining quvvatlari kengaytiriladi va uning infratuzilmasi yangilanadi, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab bir nechta oliygohlarni bog‘lagan holda 25 ming o‘rinli kampuslar tashkil etiladi.
Kamida 20 ta oliygoh ta'lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Milliy universitet va Texnika universitetini jahonning nufuzli reytinglariga kirishi bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Shuningdek, kelgusi besh yilda zarur bo‘ladigan yangi kasblar bo‘yicha nufuzli xorijiy universitetlar bilan birga kamida 10 ta yangi oliygoh tashkil etilib, amalda ishlab turganlari bilan ularning jami soni 31 taga yetadi.
Shuningdek, magistraturada ta'lim olish uchun, Toshkent shahridagi xorijiy va nodavlat oliygohlarga – 200 ta hamda xotin-qizlar uchun davlat oliygohlariga 500 ta davlat granti beriladi. Har bir talabaga oyiga 5 gigabayt bepul internet beriladi.
Yoshlarning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, “Yangi O‘zbekiston" bog‘i atrofida “Zakovat" klubining binosini hamda “Intellektual o‘yinlar shaharchasi"ni barpo etamiz.
Poytaxtda ilm-fanni yanada rivojlantirish, bunga iste'dodli yosh olimlarni keng jalb qilish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshiramiz. Innovatsiyalar vazirligi va Fanlar akademiyasi orqali olimlarning ilm-fan va innovatsiya sohalaridagi yangi tadqiqotlariga 100 million dollar ajratamiz. Jumladan, 70 million dollar ilmiy ishlanmalar va ularni iqtisodiyotning real sohalariga joriy etishga, qolgan qismi esa “Yoshlar shaharchasi"da joylashgan  “Innovatsion xab" orqali startap loyihalariga beriladi.
Shuningdek, Ay-Ti park negizida Ilmiy innovatsiyalar markazi tashkil etilib, unga har yili 30 milliard so‘m ajratiladi. Yosh olimlarning ilmiy maqola va materiallarini eng nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etish xarajatlari ham budjetdan qoplab beriladi", dedi prezidentlikka nomzod.