Forbes-30: ilm-fan sohasidagi yetakchi yoshlar bilan tanishing


Forbes nashri o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda 2019 yil avvalida turli sohalar kesimida amerikalik va kanadalik yoshlarning o‘ttiztalik ro‘yxatlarini e'lon qildi.

Ilm-fan sohasidagi o‘n besh nafar umidli olimlar. Ular bilan tanishing:

Mahmud Orif Pavel, 29 yoshda. Doktorant, Skripps tadqiqot loyihasi. Mahmud Pavel tanadagi ion kanallari (o‘zining aytishicha, ular "hayotning fundamental sensorlari") ustida tadqiqot olib boradi. Uning tadqiqot ishi anesteziya amaliyotini yanada xavfsizlashtirishi bilan birga ion kanallari orqali avtosomal politsistik buyrak kasalligiga ham yangi muolaja usullarini topishda qo‘l keladi.

Juli Bliss Myullen

Juli Bliss Myullen, 28 yoshda. Aclarity Water kompaniyasining asoschilaridan biri. Aclarity elektrning past darajali kuchidan foydalanib suvni tozalovchi qurilmalarni ishlab chiqaradi. Bu kashfiyot suvdagi metallarni ham biror filtr yoki kimyoviy moddalarsiz yo‘qotadi.

Ava Karter

Ava Karter, 27 yoshda. Fan doktori, Stenford universiteti. Karter epigenom - organizm hayotining u yoki bu nuqtalarida genlar ishtiroki nazoratini o‘rganadi.

Kevin Chen

Kevin Chen, 29 yoshda. Fan doktori, Harvard universiteti. Kevin Chen hasharotlar hajmidagi robotlarni yasaydi. U hozir tabiiy ofatlar paytida bir-biri bilan aloqaga chiqib, qutqaruv ishlarini amalga oshira oladigan robotlar ustida ishlamoqda.

Jyeffri Dik

Jyeffri Dik, 28 yoshda. Dosent, Chapel Xilldagi Shimoliy Karolina universiteti. Jyeffri elektroximiya vositalaridan foydalangan holda biologik tizimlarni nano o‘lchamga keltirish ustida tadqiqot olib boryapti.

Mark Groden

Mark Groden, 28 yoshda. SkyRyse kompaniyasi asoschisi. Mark 16 yoshligida Keys Vesterndagi Qo‘shma Shtatlar Havo kuchlari laboratoriyasi ilmiy tadqiqotlariga qo‘shiladi va uchuvchisiz havo transporti vositasi yaratadi. SkyRyse kompaniyasining direktori endi uchuvchisiz vertolyotlarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Teodor Xo

Teodor Xo, 28 yoshda. Postdoktorant, Stenford universiteti. Teodor organizmning qarish biologiyasi va uni sekinlashtirish bo‘yicha tadqiqot ishi olib boradi. U ilmiy ishi davomida hujayralarda qarish uchun javob beradigan hali noma'lum mexanizmlarni payqay oldi.

Achuta Kadambi

Achuta Kadambi, 29 yoshda. Dosent, Kaliforniya universiteti, Los-Anjyeles. Kadambi ko‘ra olish qobiliyati insondan ham o‘tkir bo‘lgan robotlarni yaratmoqchi. U tumanda va hatto burchaklararo ko‘ra olish qobiliyatiga ega kamerani loyihalashtirdi.

Shon MakKlayn

Shon MakKlayn, 29 yoshda. AbSci kompaniyasi asoschisi. Shon an'anaviy ilmiy pog‘onalarni chetlab o‘tib, 2011 yilda AbSci kompaniyasiga asos soldi. Sintetik biologiya kompaniyasi genetik modifikatsiyalangan E.coli bakteriyasi vositasida foydali proteinlarni ishlab chiqaradi.

Nasrin Mustafozoda

Nasrin Mustafozoda, 28 yoshda. Katta tadqiqotchi olim. Sun'iy idrokni hikoya qilib berish vositasida tillarni shaklan yaxshiroq o‘rganishga moslashtirish - Nasrinning tadqiqot ishi markazida turadi. Tadqiqot sun'iy idrok bilan ishlaydigan dasturlar insonlarni avvalgidan yaxshiroq anglashiga yo‘l ochadi.

Daniyel Nevius

Daniyel Nevius, 29 yoshda. Analytical Space kompaniyasi asoschilaridan biri. Kompaniya yaxshiroq va tezroq ishlaydigan kichik, lazerlashtirilgan sun'iy yo‘ldoshlar tarmog‘ini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni boshlagan. Kompaniyaning ilk sinov sun'iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarilgan.

Devaki Raj

Devaki Raj, 28 yoshda. CrowdAI asoschilaridan biri. Maykl to‘foni Florida qirg‘oqlaridagi manzillarni vayron qilganida Wide Open West kompaniyasi hududdagi ziyon yetgan binolar xaritasini tuzishni so‘ragan. Devakining CrowdAI loyihasi bu ishni yigirma daqiqa ichida uddalagan. CrowdAI sun'iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib, sun'iy idrokdan foydalangan holda tez va aniq kartografiyani taqdim etadi. Dastur qurilgan bino, sanoat binosi loyihasi, tabiiy ofat ta'siridagi hududlar kartografiyasini maksimal aniqlikda ajratib ko‘rsata oladi.

Gitanjali Rao

Gitanjali Rao, 12 yoshda. O‘n ikki yoshli Gitanjali simob topuvchi devaysi bilan 2017 yilda o‘tkazilgan Yosh olimlar bellashuvining (Young Scientist Challenge) bosh sovriniga ega chiqdi. Vosita mobil ilova yordamida ichimlik suvi tarkibidagi simob miqdorini aniqlaydi. Olima kashfiyotini yanada takomillashtirish niyatida ish olib bormoqda.

Keytlayn Sadtler

Keytlayn Sadtler, 29 yoshda. Postdoktorant, Massachusets Texnologiya instituti. Sadtler insonning faol immun tizimi va to‘qimalarni tezda qayta tiklay olishi mumkinligi to‘g‘risidagi savollarga javob topish uchun ilmiy tadqiqot olib borgan. Hozirda u tibbiy implantlar va chandiqlarning oldini olish ustida ishlamoqda.

Skott Tan

Skott Tan, 25 yoshda. Massachusets Texnologiya instituti tadqiqotchisi. Skott sun'iy sinapsni bir kristalli materiallardan yasab takomillashtirdi. Bu uning kelajakda yaratmoqchi bo‘lgan neyromorfik kompyuterlarining bir qismidir. Uning kompyuterlari texnik ta'minoti inson miyasi harakatlariga taqlid qiladi.

Manba: kun.uz